“ArMI–2021”: “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasini Oʻzbekiston jamoasi seriyali gʻalabalar va rekordlarni yangilash bilan boshladi

10:27 24 Avgust 2021 Jamiyat
465 0

Kecha, 23-avgust kuni Markaziy harbiy okrugning “Forish” togʻ poligonida Xalqaro armiya oʻyinlari doirasida oʻtkazilayotgan “Harbiy-tibbiy estafeta” musobaqasining “Shaxsiy mahorat” bellashuvlari boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Unda ishtirokchi jamoalar vakillari — kichik va oʻrta tibbiyot hamda vrach mutaxassislar erkaklar va ayollar guruhlariga boʻlingan holda oʻzlariga biriktirilgan qurollar, yaʼni AK-74 avtomati va PM-9 pistoletidan nishonlarga yakka tartibda otish boʻyicha merganlik mahoratini sinovdan oʻtkazdilar.

Musobaqalar xalqaro hakamlar tomonidan hamda xorijiy davlatlar delegatsiyalari rahbarlarining bevosita kuzatuvi asosida shaffof tarzda boʻlib oʻtdi.

Quvonarlisi shundaki, Oʻzbekiston Respublikasi jamoasi vakilasi – mutaxassis-feldsher, kichik serjant Amina Mamedova eng yuksak natija koʻrsatib, AK-74 qurolidan otish boʻyicha 193 ball toʻpladi va yangi rekordni oʻrnatdi. Avvalgi rekord 185 ball boʻlib, 2019-yilda oʻrnatilgan edi.

PM-9 pistoletidan oʻq otish boʻyicha ayollar oʻrtasida oʻtkazilgan bahslarda Xitoy Xalq Respublikasi vakilasi vrach leytenant Fu Fey ham 184 ball toʻplab, avvalgi rekordni yangiladi. Musobaqaning mazkur sharti boʻyicha soʻnggi rekord natija 176 ball boʻlib, uni 2018-yilda Rossiya Federatsiyasi jamoasi vakilasi oʻrnatgan edi. 

Umumjamoa hisobiga koʻra, “Shaxsiy mahorat” bellashuvlarida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi birinchi, Rossiya Federatsiyasi ikkinchi, Xitoy Xalq Respublikasi uchinchi oʻrinlarni qayd etishdi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?