“ArMI-2021”: “Elbrus halqasi” Oʻzbekiston jamoasi faxrli 2-oʻrinni egalladi

07:41 04 Sentyabr 2021 Jamiyat
482 0

Harbiy xizmatchilarning togʻ tayyorgarligi mahoratini sinovdan oʻtkazadigan Xalqaro armiya oʻyinlarining “Elbrus halqasi” musobaqasida Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi bu yil beshinchi bor ishtirok etdi.

Musobaqa Rossiya Federatsiyasi Kabardino-Balkariya respublikasining Tereskol tumanidagi togʻ tayyorgarligi markazi maydonida boʻlib oʻtdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

“Elbrus halqasi” musobaqasi turli vazifalarni jamlagan 15 ta maxsus vazifani oʻz ichiga oladi. Musobaqada Xitoy, Rossiya, Pokiston, Qozogʻiston, Armaniston, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Oʻzbekiston va Hindiston harbiy alpinistlar jamoalari tarkibida 90 dan ortiq harbiy xizmatchi ishtirok etdi.

Eʼtiborlisi, bellashuvlar davomida kichik serjantlar Toʻqliyev, Abdulhamidov va Ibragimov musobaqaning “Togʻ toʻsiqlar yoʻlagi”dan oʻtish shartini 12 daqiqa 58 soniyada bajarib, musobaqa rekordini yangiladi. Mazkur shart boʻyicha oxirgi rekord 2020-yilda oʻrnatilgan edi – 14 daqiqa 16 soniya.

Shuningdek, jamoa tarkibi «Muzli hududdan oʻtish (chiqish)” maxsus vazifasini 11 daqiqa 37 soniyada bajarib yana bir rekord oʻrnatishdi. Bu bosqichdagi oxirgi rekord 2019-yili oʻrnatilgan edi – 12 daqiqa 10 soniya.

Shundan qilib, yakuniy natijalarga koʻra, Oʻzbekiston harbiy alpinistlari jamoasi ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi. Birinchi oʻrin mezbon — Rossiya jamoasiga nasib etgan boʻlsa, shohsupaning uchinchi pogʻonasidan Qozogʻiston vakillari oʻrin oldi.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?