ArMI – 2020: “Tank biatloni” musobaqasi uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi

16:13 18 Avgust 2020 Jamiyat
394 0

Xalqaro armiya oʻyinlari dunyoning 5 ta davlatida (Rossiya Federatsiyasi, Belarus, Oʻzbekiston, Armaniston, Ozarbayjon) boʻlib oʻtadi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Oʻyinlarning xolisona va adolatli baholanishi uchun har bir davlat vakilidan iborat hakamlar hayʼati tuzilgan. Ular orasida yurtimizdan vakil sifatida polkovnik Shokir Xairov qatnashmoqda. Alabino poligonida tashkil etilgan “Tank biatloni” musobaqasi hakamlari tarkibidan iborat yigʻilishda musobaqa davomida baholash ishlarini odillik va xolislik bilan olib borish lozimligi alohida taʼkidlandi.

Kecha, 17-avgust kuni “Tank biatloni” musobaqasi uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi. Eslatib oʻtish joizki, “Tank biatloni” musobaqasi ikki guruhda oʻtkazilmoqda. Birinchi guruhda musobaqada bir necha yillardan buyon ishtirok etib kelayotgan jamoalar oʻrin olgan boʻlsa, ikkinchi guruhdan ilk marotaba “Tank biatloni” musobaqasida qatnashayotgan davlatlar harbiy xizmatchilari joy olgan.

Qurʼa tashlash natijalariga koʻra, birinchi guruhda qatnashayotgan oʻzbekistonlik harbiylar ishtirokidagi bahslar 25, 27, 30-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Ular koʻk rangli tankda gʻoliblik uchun kurash olib boradi.

Oʻsha kunning oʻzida jamoalar musobaqa davomida harakatlanishi uchun jangovar texnikalarni qabul qilib oldilar.

“Xalqaro musobaqaga 32 ta davlatdan sara mutaxassislar yigʻilgan. Natijani vaqt koʻrsatadi. Xalqimiz koʻz tikkan musobaqa ishtirokchilariga faqat gʻalaba yor boʻlishini tilaymiz!” deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?