Arxeologik yodgorlikka zarar yetkazganlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

12:25 05 Iyul 2022 Jamiyat
642 0

Namangan viloyati Uychi tumanidagi arxeologik yodgorlikka hokimlik qarori bilan katta zarar yetkazilgan.

Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan ushbu holat oʻrganilib, toʻplangan hujjatlar Namangan viloyati prokuraturasiga qonuniy chora koʻrish uchun yuborildi.

Aniqlanishicha, Uychi tumani, “Pastguzar” MFY, Beruniy koʻchasida joylashgan «Uychi manzilgohi (BT-3)" obyekti arxeologik yodgorlik boʻlishiga qaramay, tuman hokimining 2019-yil 6-apreldagi 1473-sonli qaroriga asosan fuqaro T. D. ga tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun noqonuniy tarzda berib yuborilgan. 

Ushbu obyekt Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4 oktabrdagi “Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 846-son qaroriga asosan madaniy meros obyekti sifatida davlat muhofazasiga olinganiga qaramay, unga katta zarar yetkazilgan.

Namangan viloyat prokuraturasi va DXX tomonidan olib borilgan oʻrganishlar natijasiga koʻra, oʻtgan vaqt mobaynida MCHJ tomonidan yodgorlik hududining 21 sotix qismida ogʻir texnika yordamida surish va qazish ishlari olib borilgan. Oqibatda arxeologiya obyektiga 3,9 milliard soʻm miqdoridagi zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Namangan viloyati Madaniy meros boshqarmasi toʻplagan hujjatlar asosida Namangan viloyati prokuraturasi tomonidan Uychi tuman hokimligi mansabdor shaxslari hamda MCHJ rahbariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 

Hozirda tergov va surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?