AQSHning Vayoming universiteti qoshida oʻzbek tili doʻstlari klubi tashkil etildi

12:04 07 Fevral 2021 Jamiyat
957 0

Oʻzbekiston Respublikasining Vashington shahridagi elchixonasi maʼlumotiga koʻra, kecha AQSHning ilgʻor oliy taʼlim maskanlaridan biri Vayoming universiteti qoshida oʻzbek tili doʻstlari klubi tashkil etilib, uning ilk yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mazkur klubning asosiy maqsadi davlatimiz tili, madaniyati va tarixi haqida qoʻshimcha oʻrganishni istagan barcha ishtirokchilarga doimiy ravishda taʼlim berish hisoblanadi. Qiziqarlisi shundaki, ilk bor Vayoming shtati gubernatori Mark Gordon 2021-yil fevral oyini jahon tillari va madaniyatlari oyligi deb eʼlon qildi.

Vayoming universiteti Vayoming shtatidagi eng yirik oliygoh boʻlib 1886-yilda tashkil topgan. Hozirda oʻz ichiga yettita kollejni (oliy taʼlim muassasasini) oladi — qishloq xoʻjaligi va tabiiy resurslar, sanʼat va fan, biznes, taʼlim, muhandislik va amaliy fanlar, sogʻliqni saqlash fanlari va huquq. Universitet talabalarga 120 dan ortiq bakalavriat, magistratura, doktorantura va mutaxassislik dasturlarini taklif etadi.

Oʻzbek tili doʻstlari klubi tashkilotchisi Vayoming universitetida oʻzining PhD darajasini olgan va shu oliy oʻquv yurtida mehnat faoliyatini boshlagan Dilnoza Hosilova oʻquvchilarga davlatimiz tili, madaniyati va tarixi haqida haftaning har shanba kunida taʼlim berishni boshladi.

Maʼlum boʻlishicha, barcha ishtirokchilarni Oʻzbekistonga boʻlgan katta qiziqish umumlashtirib turadi. Ulardan baʼzilari hattoki mamlakatimizga tashrif buyurishgan boʻlib, birinchi mashgʻulotdayoq oʻzlarining sayohatlari davrida olgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashishdi va klubning boshqa aʼzolarini ham mamlakatimizga borishga undashdi. Masalan, Rayan Shvaytzer davlatimizga tashrifi davrida eng yoqqan taraflaridan biri bu oʻzbek palovi deb atadi. Uning soʻzlashicha, choyxona oshini barcha chet ellik turistlar albatta tatib koʻrishlari lozim.

Bundan tashqari, dars davomida Alisher Navoiy hayoti va ijodini oʻrganishga alohida eʼtibor berildi. Asli Ozarbayjonlik boʻlgan va hozirda AQSHning Virdjiniya shtatida talaba boʻlgan Gunay Axunzada shoir gʻazallarini oʻqishda oʻz mahoritini sinab koʻrdi. Unga qoʻshilgan Tim Gunderson ham A.Navoiyning «Sinsa koʻnglumda oʻqung» nomli gʻazalini ilk bor oʻqib berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?