AQSHning Texas shtati savdo missiyasi ilk bor Oʻzbekistonga keladi

16:09 30 Sentyabr 2022 Siyosat
574 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov Ostin shahrida Texas shtati qishloq xoʻjaligi vaziri (Texas Agriculture Commissioner) Sid Miller bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Uchrashuvda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligi sanoatini takomillashtirish jarayoniga Texasning yirik kompaniyalarini jalb etish, Oʻzbekiston va AQSH qishloq xoʻjaligi boshqarmalari va ilmiy muassasalar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlik aloqalarini oʻrnatish, shuningdek, respublikamizga Texas shtati savdo missiyasini tashkil etish istiqbollari muhokama qilindi.

Sid Miller respublikada amalga oshirilayotgan ilgʻor iqtisodiy chora-tadbirlarni olqishladi. “Mamlakatning barqaror va uzoq muddatli farovonligini taʼminlashda ushbu islohotlar muhim ahamiyatga ega”, deya taʼkidladi vazir. Uning aytishicha, Texas bu borada misol boʻla oladi. Qishloq xoʻjaligi anʼanaviy tarzda shtat iqtisodiyotida muhim rol oʻynagan va aholi bandligini taʼminlashga xizmat qilgan. Texasdagi 4 ming 700 dan ortiq fermer xoʻjaliklari va rancholarning har biri bir oila tomonidan 100-yil yoki undan koʻproq vaqt davomida boshqarib kelinmoqda.

Sid Miller agrar sohaga ilgʻor texnologiyalarni joriy etish, murakkab iqlim sharoitida ekinlar hosildorligini oshirishda Texas universitetlarining akademik salohiyatidan foydalanish kabi sohalarda tomonlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish va rivojlantirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi. Xususan, Oʻzbekistonning ixtisoslashtirilgan oliy oʻquv yurtlari bilan paxta yetishtirish boʻyicha yetakchi taʼlim muassasasi boʻlgan Texas texnologiya universitetining Qishloq xoʻjaligi fanlari va tabiiy resurslar kolleji oʻrtasida akademik hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni taklif etildi.

Vazir, shuningdek, Oʻzbekistonning tegishli tuzilmalari va Texas paxtakorlari ushmasi - “Plains Cotton Growers” oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻrnatish imkoniyatini koʻrib chiqishni bildirdi. Qayd etilishicha, ushbu uyushma 1956-yilda tashkil etilgan boʻlib, shtatdagi barcha paxta yetishtiruvchi korxonalarning 80 foizdan ortigʻini birlashtiradi. Uyushma aʼzolari tomonidan AQSHda umumiy paxtaning 30 foizi, jahonda esa 4 foizi yetishtiriladi.

Muzokaralar yakunida 2023-yil mart oyida Sid Miller boshchiligidagi delegatsiya va savdo missiyasining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Amerika vakillari, shuningdek, 2023-yil 28-30-mart kunlari Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan “UzFood2023” xalqaro oziq-ovqat, ingrediyentlar va oziq-ovqat texnologiyalari koʻrgazmasi doirasida maxsus Texas pavilonini tashkil etish taklifini ham qoʻllab-quvvatladi.

Oʻzbekiston elchixonasi maʼlumotiga koʻra, Texas aholisi (30 million kishi), hududi (695,6 kvadrat kilometr) va yalpi hududiy mahsuloti (2 trillion dollar) boʻyicha AQSHning ikkinchi yirik shtatidir. Rivojlanayotgan sanoat bazasi bilan shtat koʻplab sohalarda, jumladan, qishloq xoʻjaligi, neft-kimyo, energetika, aerokosmik va biotibbiyot jabhalarida yetakchilik qilmoqda. Shtat qishloq xoʻjaligi sanoatining umumiy iqtisodiy qiymati 100 milliard dollarga baholanmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekistonning tizimli majburiy mehnatga toʻliq barham berish boʻyicha erishgan muvaffaqiyatlarini hisobga olib, AQSH Mehnat vazirligi mamlakatimizda yetishtirilgan paxta hosilini “Bolalar va majburiy mehnatdan foydalangan holda ishlab chiqariladigan mahsulotlar roʻyxati”dan chiqarilishini eʼlon qildi. Ushbu qaror Oʻzbekistonda yetishtirilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni AQSHga olib kirishga qoʻyilgan rasmiy cheklovlarni bekor qiladi va shu orqali mahalliy toʻqimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?