AQSHda oʻtkazilgan “Ilgʻor jangchi” musobaqasida oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar yana gʻolib boʻldi

10:16 26 Aprel 2021 Jamiyat
212 0

Joriy yil 19-24-aprel kunlari Amerika Qoʻshma Shtatlarining Missisipi shtatidagi “Camp Shelby” harbiy oʻquv bazasida oʻtkazilgan “Ilgʻor jangchi” musobaqasining gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Marosimda Misissipi shtatidagi Qurolli Kuchlar tuzilmalari vakillari, faxriylar va musobaqa ishtirokchilari qatnashishdi.

Unda soʻz olganlar joriy yilgi musobaqalarning avvalgilariga nisbatan yana-da qizgʻin va murosasiz bahslarga boy tarzda oʻtganligini taʼkidlab, mehmon sifatida ishtirok etgan Oʻzbekistonlik harbiylarning bilimi, mahorati, jasurligi va shijoatini eʼtirof etishdi.

— Biz uchun anʼanaga aylangan ushbu musobaqada oʻzbekistonlik hamkasblarimiz ikkkinchi marotaba ishtirok etishmoqda. Tan olib aytamanki, bu safar ham ular nafaqat jismoniy, balki jangovar va aqliy tayyorgarlik, qurol-aslahani bilishda ham yaqqol ustunlikka ega boʻldi. Bu esa bizning serjantlarimizni oʻz ustida yana-da koʻproq ishlashga undaydi, — dedi Missisipi shtati Milliy gvardiyasi serjantlar qoʻmondoni serjant-mayor Kristofor Yong.

Shundan soʻng tashkilotchilar tomonidan Oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar III darajali serjant Dilmurod Sulaymonov hamda kichik serjant Xayrulla Olimovga musobaqa gʻoliblari uchun beriladigan “Ilgʻor jangchi” mukofoti va koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xodimi leytenant Otabek NORBOYEV xabar berdi.

Eslatib oʻtamiz, ushbu musobaqada ishtirok etgan harbiy xizmatchilarimiz 2019-yilda ham I oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.

Gʻolib harbiy xizmatchilar 27-aprel kuni Oʻzbekistonga yetib keladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?