AQSHda “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari bilan uchrashuv oʻtkazildi

20:50 31 Yanvar 2022 Jamiyat
979 0

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov AQSH va Kanadada tahsil olayotgan “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari bilan videokonferensiya shaklida uchrashdi.

Uchrashuv boshlanishida, mamlakatimiz tomonidan yoshlarimizga berilayotgan ulkan ishonch, ularning xorijiy mamlakatlarda taʼlim olishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, davlatimiz Rahbari tomonidan har tomonlama yetuk, intellektual salohiyatli va xalqaro standartlarga mos keladigan kadrlar tayyorlashga berilayotgan alohida eʼtibor haqida yoshlarga batafsil maʼlumot berildi.

AQSH va Oʻzbekiston universitetlari oʻrtasida bevosita sheriklik aloqalarini oʻrnatish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasini Amerika Qoʻshma Shtatlarida taʼlim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etish uchun jalb etish, shuningdek, bu sohada grant dasturlari uyushtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Talabalar bilan uyushtirilgan tadbir ochiq muloqot shaklida oʻtkazilib, unda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi, hamda ularning bir qator taklif va tavsiyalari muhokama qilindi. Xususan, “El-yurt umidi” fondi stipendiatlarining yozgi taʼtil mobaynida mahalliy hokimiyat, nodavlat va notijorat hamda Amerikaning yirik kompaniyalarda amaliyot oʻtash masalasi muhokama qilindi. Oʻzbekistonlik talabalar mamlakatimizning Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi va Oʻzbekiston Respublikasi davlat tashkilotlarida ham shu turdagi amaliyot dasturlarini joriy etish imkoniyatlari bilan qiziqishdi.

Elchixona tomonidan talabalar uchun AQSH Kongressi, xususan Vakillar palatasidagi «Oʻzbekiston boʻyicha Kokus» vakillarining ofislarida va boshqa bir qator mahalliy hukumat idoralarida ham amaliyot tashkil etish uchun imkoniyatlar mavjudligi, qiziquvchilar uchun tegishli murojaatlarni Amerika tarafiga taqdim etilishi mumkinligi alohida taʼkidlandi.

Shuningdek “El-yurt umidi” fondi stipendiatlariga ular tahsil olayotgan oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorliklarni kengaytirish, oʻzbekistonlik yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishish, hamda konsullik xizmatlarini koʻrsatishda yengillik yaratish maqsadida joriy yil Elchixona delegatsiyasining ushbu shtatlarga tashriflari rejalashtirilgani haqida maʼlumotlar berildi.

Muhokamalar chogʻida talabalarga qulayliklar yaratish maqsadida AQSHdagi “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari va mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xodimlaridan tashkil topgan “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida maxsus guruh shakllantirilgani, vujudga kelgan muammolar, takliflar hamda konsullik xizmatlariga oid savollar bilan ushbu platforma orqali murojaat qilish imkoniyati borligi aytib oʻtildi.

Shuni eslatib oʻtish joizki, bugungi kunda 82 nafar “El-yurt umidi” fondi stipendiatlari AQSHning 14 shtati va Kanadada joylashgan 30 ga yaqin oliygohlarda taʼlim olib kelmoqda. Ulardan 63 tasi bakalavriat, 17 tasi magistratura va 2 tasi doktorantura (PhD) bosqichlarida tahsil olishadi. Shu jumladan, taʼlim yoʻnalishlari kesimida esa aksariyat talabalar kompyuter texnologiyalari va dasturlash (19 ta talaba), huquq (9 ta), biznes boshqaruvi (7 ta), iqtisodiyot (6 ta), kimyo muhandisligi (6 ta), qishloq xoʻjaligi (3 ta), moliya (3 ta) va boshqa sohalarini oʻrganishmoqda.

Koʻp sonli talabalarimiz Arizona davlat universiteti, Sinsinnati universiteti, Janubiy Florida universiteti, Florida davlat universiteti, Stenford universiteti, Vashington universiteti kabi AQSHning eng ilgʻor oʻquv yurtlarida bilim olishmoqda. Xususan Florida davlat universiteti 2021-yilda Global universitetlar (US News & World Report) reytingida eng ilgʻor 5 ta oliygohlardan biri sanaladi.

Doʻstona va konstruktiv muhitda oʻtgan uchrashuv yakunida Oʻzbekistonlik talabalar va yosh olimlar bilan kelgusida bunday muloqotlarni muntazam oʻtkazishga hamda AQSH va Kanadadagi faol oʻzbek yoshlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?