AQSHda COVID-19 tufayli besh yoshgacha boʻlgan bolalarni kasalxonaga yotqizish darajasi keskin oshdi

00:51 13 Yanvar 2022 Dunyo
339 0

Foto: Reuters

AQSHda 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni kasalxonaga yotqizish darajasi bir hafta ichida koronavirus tufayli 80 foizga oshgan.

Ayniqsa, besh yoshgacha boʻlgan bolalarni kasalxonaga yotqizishlar soni keskin oʻsib bormoqda. Jumladan, 2021-yilning oxirgi haftasida shifoxonaga yotqizilgan bolalar soni 4-dekabr bilan yakunlangan haftaga nisbatan 48 foizga oshdi. 2021-yil 1-yanvarga kelib AQSH klinikalariga 4,3 ming yosh bola yotqizilgan.

Mamlakatda har kuni 800 nafarga yaqin koronavirus infeksiyasi bilan zararlangan 18 yoshga etmagan bemorlar shifoxonalarga joylashtirilmoqda. Bu oʻtgan haftadagi oʻrtacha koʻrsatkichdan 80 foizga koʻp va butun pandemiya davridagi eng yuqori oʻsish hisoblanadi.

Shu bois AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari rahbari Roshel Valenski amerikaliklarni vaksina olishga chaqirmoqda.

“Hali COVID-19 vaksinasini ololmaydigan eng kichik bolalarimizning himoyasini taʼminlash uchun ular emlangan odamlar orasida boʻlishi juda muhim”, deydi Valenski.

Yanvar oyi boshidan AQSHda koronavirus infeksiyasi yuqtirish holatlari yana keskin oʻsa boshladi va yangi antirekord qayd etildi. Xususan, 2022-yil 3-yanvar kuni 1 million 82 ming 549 nafar kishida koronavirus aniqlangan, 1688 nafar bemor vafot etgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?