AQSHda besh yoshgacha boʻlgan bolalarni “COVID-19”ga qarshi emlashga ruxsat berildi

23:59 19 Iyun 2022 Dunyo
501 0

Illyustrativ foto

AQSHda besh yoshgacha boʻlgan bolalarni “Pfizer-BioNTech” va “Moderna” kompaniyalarining koronavirusga qarshi vaksinalari bilan emlashga ruxsat berildi. Bu haqda AQSH prezidenti Jo Baydenning yozma bayonotida aytib oʻtilgan.

Oq uy rahbarining soʻzlariga koʻra, bugun AQSHda infeksiyaga qarshi kurashda muhim qadam boʻldi. Uning taʼkidlashicha, Qoʻshma Shtatlar bunday emlashlarga ruxsat bergan dunyodagi birinchi davlat boʻldi.

Bayden ushbu dorilar xavfsiz ekanligini qoʻshimcha qildi. Uning soʻzlariga koʻra, ular ota-onalarga farzandi “COVID-19”dan himoyalanganligiga ishonch beradi.

Siyosatchining taʼkidlashicha, Qoʻshma Shtatlarda 220 milliondan ortiq odam toʻliq emlangan, 100 milliondan ziyodi esa qayta emlangan.

Avvalroq, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich 2022-yilda “COVID-19” bilan kasallanish koʻpayishi haqida oʻz fikrlarini aytib oʻtgan edi. “Koʻp odamlar emlash yoki tabiiy ravishda virus bilan uchrashmaganligini hisobga olsak, kasallanishning maʼlum darajada oshishini kutish mumkin”, degan edi ekspert. 

Soʻnggi kunlarda Oʻzbekistonda ham koronavirus bilan bogʻliq holatlar yana koʻpaygan. Xususan, 18-iyun kuni yurtimizda 108 kishida koronavirus infeksiyasi qayd etildi. Bir kun oldin esa 90 kishida virus aniqlangan. Undan avvalgi kunlarda yangi holatlar soni 60 taga ham yetmayotgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?