AQSHda Alisher Navoiyning 580-yillik tavallud ayyomi keng nishonlanadi

15:28 04 Fevral 2021 Madaniyat
604 0

Oʻzbekiston Respublikasining Vashington shahridagi diplomatik vakolatxonasi maʼlumotiga koʻra, 9-fevral kuni oʻzbek mumtoz adabiyoti va adabiy tilining asoschisi Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning 580-yillik tavallud ayyomi AQSHda keng nishonlanadi.

Mazkur tadbirda Amerika Qoʻshma Shtatlarining turli tashkilotlaridan koʻplab mutaxassislar ishtirok etishi va qiziqarli prezentatsiya hamda maʼruzalar qilishlari kutilmoqda.

Ular orasida Markaziy Osiyo va Kavkaz institutining asoschisi va raisi Frederik Starr, Ogayo davlat universitetining Yaqin Sharq tillari va madaniyati kafedrasi mudiri, oʻzbek tili dasturi rahbari Skott Levi, Abdulla Qodiriyning “Oʻtgan kunlar” asarini ingliz tiliga tarjimasi muallifi Mark Riz, AQSH Kongressi kutubxonasi Yaqin sharq boshqarmasi direktori Joan Viks, Jorj Vashington universiteti professori Laurel Grey kabi yurtimiz boy tarixi va madaniyatini chuqur oʻrgangan olimlar nutq soʻzlaydilar.

Anjumanni mamlakatimizning Vashingtondagi favqulodda va muxtor elchisi Javlon Vahobov va Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vazirining oʻrinbosari Kamola Oqilova ochib berishadi.

Tadbir mehmonlaridan biri “Yangi Devon” kitobi muallifi shoir Endryu Staniland Alisher Navoiy ijodi asosida ilhomlanib klassik uslubda yozilgan sheʼrlarini ishtirokchilar eʼtiboriga taqdim etadi.

Bundan tashqari, AQSHda istiqomat qilayotgan va oʻzbek adabiy sanʼatiga befarq boʻlmagan qator Oʻzbekistonning amerikalik doʻstlari Navoiy ijod mahsullarini oʻqishda oʻz mahoratlarini namoyish etishadi. Yakuniy qismda esa qisqa konsert dasturi ham joy egallagan.

Elchixon tomonidan tashkil etilayotgan anjuman barcha ishtirokchilarga ochiq boʻlib, unga quyidagi havola orqali roʻyxatdan oʻtish mumkin: https://us02web.zoom.us/webinar/register/WN_dDJBG3jLRh6_zxM5xE_gjwe

Tadbir kuni: 2021-yil 9-fevral.

Tadbir Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da, Vashington vaqti bilan 10:00 da boshlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?