AQSHda 70 yil ichida ilk bor ayol kishi qatl etildi

17:45 13 Yanvar 2021 Dunyo
216 0

AQSH hukumati 70 yil ichida birinchi marta ayol kishiga nisbatan chiqarilgan oʻlim jazosi hukmini ijro etdi. Bu haqda The New York Times nashri xabar berdi.

Manbaga koʻra, sud hukmi bilan qatl etilgan mahkum Liza Montgomeri 2004-yilda qornida sakkiz oylik homilasi boʻlgan ayolni oʻta shafqatsizlarcha oʻldirishda aybdor deb topilgan. Hukm esa oʻtgan yil 8-dekabr kuni Indiana shtatida ijro etilishi rejalashtirilgan boʻlsa-da, qotil ruhiyatidagi muammolar tufayli, ijro 2021-yil 12-yanvar kuniga qoldirilgandi. Shu davr ichida unga psixiatrik yordam koʻrsatildi.

11-yanvar kuni yana shu sabab tufayli Indiana shtati sudi Montgomerining oʻlim jazosi ijro etilishini kechiktirdi. AQSH Oliy sudi esa mazkur qarorni rad etdi va oldingi hukmni oʻz kuchida qoldirdi. 

Shu kuni jinoyatchining tanasiga inyeksiya orqali oʻlimga olib keluvchi dori yuborildi. Uning oʻlimi 13-yanvar kuni mahalliy vaqt bilan 01:31 da (Toshkent vaqti bilan 07:31) qayd etildi.

Mazkur hukmdan marhumning advokati Kelli Xenri noroziligini bildirgan. Uning aytishicha, AQSH hukumati ruhiy kasallikdan aziyat chekkan mijozini qatl etib, federal qonunni buzgan.

Eslatib oʻtamiz, saylovda gʻalaba qozongan Jo Bayden oʻz ishiga kirishgach, mamlakatda oʻlim jazosini bekor qilishga vaʼda bergan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?