AQSH va Kanadadagi vatandoshlarimiz Mustaqiligimizning 30 yilligini keng nishonlashmoqda

10:27 03 Sentyabr 2021 Jamiyat
174 0

Vashingtondagi diplomatik missiyamizning xabar berishicha, Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasi, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi, Nyu-Yorkdagi bosh konsulxonasi tashabbusi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlari va Kanadadagi vatandoshlarimiz bilan birgalikda Oʻzbekiston davlat mustaqilligining 30 yilligiga bagʻishlangan onlayn bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda AQSH va Kanadaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz tomonidan Vatanimiz istiqlol ayyomiga bagʻishlangan ommaviy tomoshalar, dala sayillari, avtoulov paradlari, madaniyat, sport va sanʼat ustalarining qiziqarli chiqishlari namoyish etildi.

Tadbirni ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli efirda minglab vatandoshlarimiz Oʻzbekiston, AQSH, Kanada va dunyoning turli chekkalaridan tomosha qilishdi.

Tadbir boshida Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vaxabov, Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov, Nyu-Yorkdagi bosh konsul Kamol Ikramovlar nutq bilan murojaat qilib, vatandoshlarimiz va tadbirni onlayn tomosha qilayotganlarni Oʻzbekiston mustaqilligining 30 yillik ayyomi tabriklashdi. Soʻngi yillarda mamlakatimiz taraqqiyotini yangi, yuksak bosqichga koʻtarilganiga, hamda yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish uchun tarixiy ishlar amalga oshirilayotganiga, katta marralar zabt etilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Yangi Oʻzbekistonda demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umum eʼtirof etilgan prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkamlanayotgani taʼkidlandi.

Vatandosh uyushmalar bilan esa koʻp qirrali ishlar olib borilayotganiga alohida toʻxtalib, ularning Oʻzbekistonning Amerikadagi mavqeyini oshirish, millatimizning urf-odatlari, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish hamda yurtimizning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va ommalashtirishdagi qoʻshib kelayotgan hissalari uchun tashakkur bildirildi.

Oʻz navbatida “Vatandoshlar” jamoat fondi vasiylik kengashi raisi oʻrinbosari Ravshan Ermatov esa ezgu tilaklar tilab, mamlakatimiz tomonidan xorijdagi vatandoshlarimizga qaratilayotgan katta eʼtibor haqida aytib oʻtdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yangi “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etilgani vatandosh uyushmalar bilan tizimli ravishda faol muloqot olib borish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va tarixiy Vatan atrofida jipslashtirish uchun yangi imkoniyat ochayotgani haqida soʻzladi.

Tadbir davom etar ekan, “Amerika-Oʻzbekiston uyushmasi” rahbari (Virjiniya shtati) Nodir Zakirov soʻzga chiqib Vashingtondagi elchixonamiz oldidan avtoulov paradini boshlab berdi.

Xalq ardogʻidagi sanʼatkorlar Sofiya Saftarova va Larisa Moskalyovalar ham qatnashchilarni mustaqillik bayrami bilan tabriklab, musiqali chiqish bilan barchani xushnud qildi.

Bayram tadbirida boks boʻyicha Osiyo, jahon va olimpiya chempionlari va sovrindorlari Bahodir Jalolov, Isroil Madrimov, Murodjon Axmadaliyev, Muaytay boʻyicha 3 karra jahon va Osiyo chempioni Akram Sharipov, UFC chempioni Mahmud Murodov va boshqa sport ustalari ham ishtirokchilarga oʻz tabriklarini yuborishdi.

“Mahalla USA nodavlat notijorat tashkiloti» vakillari esa mustaqillik bayramini nishonlash maqsadida bir necha yuzlab vatandoshlarimiz ishtirokida avtokarvon paradini tashkil etishdi.

Amerikaning gʻarbiy sohilidan esa «San-Fransisko koʻrfazidagi oʻzbeklar jamiyati markazi» (Kaliforniya shtati) vakillari ham onlayn tadbirga ulanib oʻzlarining iliq tilaklarini bildirishdi.

Shuningdek on-layn marosimda bir qator oʻzbek diaspora tashkilotlar, xususan "Hamkor Uz Sinsinnati Assotsiatsiyasi» (Ogayo shtati), “Chikagodagi Oʻzbekiston - Amerika Assotsiatsiyasi” (Illinoys shtati), Sietldagi “Oʻzbek mahallasi” jamiyati (Vashington shtati), “Yurtdosh Oʻzbek - Amerika Assotsiatsiyasi” (Pensilvaniya shtati), “Pittsburgdagi oʻzbeklar jamiyati” (Pensilvaniya shtati), «Atlanta-Oʻzbek uyushmasi» (Jorjiya shtati) - jami 14 diaspora tashkilotlari vakillari va Kanadalagi vatandoshlarimiz mustaqillikka bagʻishlangan bayram tadbirida oʻz tabrik va qiziqarli chiqishlari bilan qatnashishdi.

Mustaqilligimizga bagʻishlangan bir qator tadbirlar AQSH va Kanadada oʻtkazilishi davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?