AQSH razvedka idoralariga COVID-19 haqida epidemiyadan bir oy oldin maʼlumot berilgan — NYP

21:42 15 Sentyabr 2021 Dunyo
1645 0

Foto: Radio Prague

AQSHda yashovchi xitoylik dissident, huquq himoyachisi Vey Szinshen AQSH razvedka idoralariga COVID-19ning tarqalishi haqida 2019-yilning noyabr oyida, Xitoy kasallik tarqalishini rasman tan olishidan bir oy oldin xabar bergan.

Bu haqda “New York Post” (NYP) “Uxanda aslida nima boʻlgan edi”ga kitobiga asoslanib yozmoqda.

Szinshen ilk bor qandaydir sirli virus haqida 2019-yil oktyabr oyida, Uxanda Butunjahon yozgi harbiylar oʻyinlari boʻlib oʻtayotgan paytda Pekindagi obroʻli odamlardan eshitgan. Keyin u bu haqda darhol oʻsha paytdagi AQSH prezidenti Donald Tramp bilan aloqasi boʻlgan amerikalik siyosatchiga, shuningdek, xitoylik inson huquqlari faoli Dimon Lyu va uning turmush oʻrtogʻi, Markaziy razvedka boshqarmasining sobiq agenti Robert Syuttingerga aytgan.

“Men ularning bu holatdan menchalik qattiq tashvishga tushmayotganini tushundim va batafsilroq maʼlumot toʻplashga harakat qildim. Aftidan, ular biron-bir mamlakat rasmiylari virus tarqalishi haqidagi maʼlumotlarni yashirishga qodir ekaniga ishonishmadi”, deydi Szinshen.

Lyu, oʻz navbatida, Szinshen bilan suhbatdan soʻng, Trampning milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchisi oʻrinbosari Mettu Pottinjerga yetkazish uchun maʼlumot tayyorlagan.

“Lekin men uni (maʼlumotni) yubormadim, chunki bu aqlbovar qilmas holatdek tuyuldi”, deydi Lyu.

Lyuning qoʻshimcha qilishicha, u koronavirusni “SARS”dan xavfli emas, deb hisoblagan.

AQSHning Davlat departamentining sobiq xodimi, Xitoyning Uxan shahrida COVID-19 tarqalishini tekshirayotgan Devid Asherning aytishicha, 2019-yil oxirida AQSH hukumatida kasallik haqida boshqa muhim maʼlumotlar bor edi, lekin hamma faktlarni solishtirishning imkoni boʻlmagan.

COVID-19ning avj olishi birinchi marta 2019-yil dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida kuzatildi. Dastlab yangi infeksiyaning manbai dengiz mahsulotlari bozori ekani aytildi. Ammo Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bu bozor, haqiqatan ham, koronavirus manbai ekanligi toʻgʻrisida aniq dalillar topmaganini bildirdi.

Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, dunyoda koronavirus yuqtirganlar soni 225 milliondan oshgan. Infeksiya asoratlari oqibatida 4,6 milliondan ortiq kishilar hayotdan koʻz yumdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?