AQSH Oʻzbekiston yoshlari uchun taʼlim dasturlarini kengaytiradi

17:47 02 Aprel 2021 Jamiyat
578 0

Mamlakatimizning Vashingtondagi vakolatxonasi xabariga koʻra, Oʻzbekiston elchisi Javlon Vahobov AQSH davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi, Davlat departamentining taʼlim va madaniyat ishlari boʻyicha byurosi rahbari Metyu Lussenxop bilan muzokara oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston — Amerika madaniy-gumanitar hamkorligini kengaytirishning dolzarb masalalari, shu jumladan, mamlakatimiz iqtidorli yoshlari uchun akademik dasturlarni koʻpaytirish, amerikalik mutaxassislarni taʼlim jarayonini takomillashtirish boʻyicha islohotlarga jalb qilish va Oʻzbekistonda ingliz tilini oʻqitish tizimini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Metyu Lussenxop respublikamiz uchun xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, yosh avlodga maktabgacha taʼlimdan oliy taʼlimgacha boʻlgan barcha bosqichlarda sifatli bilim berish yoʻnalishlarida ustuvor boʻlgan vazifalarga katta qiziqish bildirdi.

Muzokaralarda ikki mamlakat akademik muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri sheriklik aloqalarini rivojlantirish, “El-yurt umidi” jamgʻarmasini AQSHda taʼlim dasturlari va stajirovkalarni tashkil etishga jalb qilish, shuningdek, ushbu yoʻnalishda Amerika tomonining grant yordamini koʻpaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

M.Lussenxop, oʻz navbatida, u rahbarlik qilayotgan byuroning hamkorlikdan manfaatdorligini tasdiqlab, Davlat departamenti bundan keyin ham mamlakatimizda tegishli dasturlarni amalga oshirish uchun faol ravishda resurs va grantlar ajratish niyatida ekanini taʼkidladi.

AQSH tashqi siyosat mahkamasi vakili Oʻzbekistonda taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, nodavlat maktab va universitetlar soni koʻpayayotganini olqishladi. U mamlakat boʻylab ingliz tili taʼlim dasturlarini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor yosh oʻzbekistonliklar uchun zamonaviy va ilgʻor bilim olishda samarali vosita boʻlib xizmat qilishini qayd etdi.

Diplomat elchixonaning mamlakatimizda AQSH taʼlim loyihalari haqida keng targʻibot ishlari olib borish taklifini qoʻllab-quvvatladi. “American Corners” konsalting markazlari Oʻzbekistonda imkoniyatlarini kengaytirishi, shuningdek, “EducationUSA” dasturi targʻib qilinishi aytildi.

“EducationUSA” AQSH davlat departamentining tarmogʻi boʻlib, unga 175 dan ortiq mamlakat va hududda joylashgan 430 dan ziyod maslahat markazi kiradi. AQSH hukumatining ushbu mamlakat oliy taʼlim tizimi haqidagi rasmiy manbasi hisoblangan “EducationUSA” tarmogʻi butun dunyo boʻylab yoshlarga AQSHning akkreditatsiyadan oʻtgan oliy oʻquv yurtlarida oʻqish imkoniyatlari toʻgʻrisida aniq, toʻliq va dolzarb maʼlumotlarni taqdim etadi.

2020-yil holatiga koʻra, AQSH oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan Oʻzbekiston fuqarolari 546 kishini tashkil etdi. Mamlakatimiz vakillarining 50 foizdan ortigʻi bakalavr, 31,5 foizi magistratura va doktorantura, 11,5 foizi malaka oshirish, 6,4 foizi diplomsiz taʼlim kurslariga toʻgʻri keldi. Oʻzbekistonliklar, asosan, Nyu-York, Florida, Kaliforniya, Missuri va Massachusets shtatlaridagi taʼlim muassasalarida oʻqishadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?