AQSH olimlari jigar transplantatsiyasiga muhtoj bemorlarni yangi usulda davolamoqchi

14:34 01 Sentyabr 2022 Dunyo
1012 0

Zamonaviy tibbiyotda jigar kasalliklarining ogʻir shakllariga chalingan bemorlar hayotini saqlab qolishda transplantatsiya amaliyotlariga murojaat qilinadi.

Ammo bu murakkab operatsiyalar uchun, eng avvalo, sogʻlom donor va katta sarf-xarajatlar zarur. Qolaversa, muolajalardan soʻng yuzaga keladigan asoratlar maʼlum vaqt oʻtgach, ayrim bemorlarning hayotdan koʻz yumishiga sabab boʻladi.

AQSH olimlari endi transplantatsiya uchun donor jigari boʻlagi oʻrniga, oʻsuvchi hujayralardan foydalanish ustida tadqiqot olib bordi. Tajriba-sinov jarayoni jonivorlarda muvaffaqiyatli oʻtdi.

Endi yaqin haftalarda Massachusets shtatining Boston shahrida yashovchi birinchi koʻngilli bemorda ushbu yangi davolash usuli sinab koʻriladi. Mazkur muolaja orqali organizmda ikkinchi jigar hosil boʻlishiga umid qilinmoqda.

Texnologiyaning mohiyati shundaki, donordan olingan jigar hujayralari bemorning limfa tizimiga kiritiladi. Natijada xastalikka chalingan odamga koʻchirib oʻtkazilgan hujayralar boʻlinib, koʻpayib, yangi jigar oʻsishi kuzatiladi.

Shundan soʻng transplantatsiya qilingan hujayralar mavjud jigar hisobiga ishlashda davom etadi va bemor yana sogʻlom hayotga qaytadi.

Tadqiqotchilar kelgusi ikki yil ichida 12 nafar koʻngillida ushbu noyob amaliyotni oʻtkazishni rejalashtirgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?