AQSH Kongressi Vakillar palatasining qoʻmita raisi Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi

14:18 27 Mart 2024 Siyosat
233 0

Joriy yilning 27-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev AQSH Kongressi Vakillar palatasining Qurolli kuchlar qoʻmitasi raisi Mayk Rojers boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston—AQSH hamkorligining keng doirasi, xususan, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, mehnat munosabatlari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muloqot davomida Oʻzbekistonda inson huquq va erkinliklarini, qonun ustuvorligini, davlat boshqaruvi shaffofligini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, xususiy mulk va xorijiy investorlarni himoya qilish, shuningdek, iqtisodiyotni liberallashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil maʼlumot berildi.

Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSH Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan «Oʻzbekiston boʻyicha Kokus» (doʻstlik guruhi)ning oʻrni va faoliyati samaradorligi taʼkidlab oʻtildi.

Iqtisodiy hamkorlik masalalari ham eʼtibor markazida boʻldi. Ikki tomonlama strategik sheriklikni mustahkamlashga tarkibiga 38 ta yetakchi kompaniya kiradigan Amerika—Oʻzbekiston savdo palatasi salmoqli hissa qoʻshayotgani taʼkidlandi. Investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va ikki davlat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

Shu bilan birga mehnat munosabatlari yoʻnalishidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, bunda munosib mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat sohasiga xalqaro standartlarni joriy etish kabi masalalarda doimiy maslahatlashuvlarni olib borishga kelishib olindi.

Muloqot soʻnggida tomonlar barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер