AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya yangi harbiy ittifoq tashkil etdi. U nima maqsadda tuzildi?

02:56 17 Sentyabr 2021 Dunyo
962 0

Foto: AR. Jo Bayden, Skott Morrison va Boris Jonson AUKUS tuzilganini eʼlon qilmoqda

AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliya yangi harbiy ittifoqqa birlashdi. Vashington, London va Kanberra oʻrtasida mudofaa va xavfsizlik boʻyicha uch tomonlama yangi shartnoma haqida 16-sentyabr kuni maʼlum boʻldi.

Uning tashkil etilganini AQSH Prezidenti Jo Bayden, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson va Avstraliya Bosh vaziri Skot Morrison birgalikda eʼlon qildi.

Yangi ittifoq AUKUS (uch ishtirokchi davlat nomlarining qisqartmasi: Australia, UK, USA) deb nomlandi.

Oq uyning taʼkidlashicha, kelishuvning maqsadi Hind-Tinch okeani mintaqasida tomonlarning umumiy manfaatlarini himoya qilish hamda mudofaa sektorini rivojlantirishda saʼy-harakatlarni birlashtirishdir.

AUKUS guruhi doirasidagi tadbirlar ishtirokchi mamlakatlarga axborot va harbiy texnologiyalar almashinuvini soddalashtirish va kengaytirish imkonini beradi. Oʻzaro hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari orasida sunʼiy intellekt, kibernetika va suv osti tizimlari sohasilar mavjud. Bundan tashqari, tomonlar uzoq masofadan zarba berish qobiliyatini rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Avstraliya Bosh vazirining taʼkidlashicha, kelishuv uch mamlakat hamkorligini yangi bosqichga olib chiqadi. Boris Jonsonning taʼkidlashicha, ittifoq AQSH, Buyuk Britaniya va Avstraliyani har qachongidan ham yaqinlashtiradi, yangi ish oʻrinlari va farovonlikni taʼminlaydi.

Avstraliya atom suv osti kemalarini qurish texnologiyasiga ega boʻladi

Mudofaa shartnomasi Avstraliya tomoni suv osti kemalarini qurish texnologiyasini olishni ham nazarda tutadi. 18 oy ichida Kanberra uchun kamida sakkizta atom suv osti kemasini yaratish rejalashtirilgan. Keyinchalik, mamlakatlar ularni yetkazib berishning eng maqbul yoʻlini aniqlaydilar.

Avstraliya hukumati loyihaga qariyb 4,7 milliard AQSH dollari sarmoya kiritmoqda. Bu Osbornda baza va Dengiz flotida mavjud boʻlgan suv osti kemalarini modernizatsiya qilishga yoʻnaltiradi.

Shu bilan birga, Avstraliya hukumati mamlakat yadro quroliga ega boʻlmagan davlat sifatida barcha majburiyatlarini bajarishga sodiq qolishiga ishontirmoqda. AQSHning aniqlik kiritishicha, Avstraliya bunday qurollarni yaratishga intilmaydi. Baydenning taʼkidlashicha, dastur Yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi shartnoma shartlariga toʻliq mos keladi.

Ittifoq tuzilishi bilan Avstraliya Fransiyadan suv osti kemalarini sotib olish toʻgʻrisidagi shartnomani bekor qildi

AUKUS tuzilgani eʼlon qilingandan soʻng Avstraliya Fransiyaning “Naval Group” kompaniyasi bilan suv osti kemalari kelishuvidan chiqayotganini eʼlon qildi. Shu bilan birga Skott Morrison Parij hali ham Kanberra uchun Tinch okeani mintaqasida muhim sherik ekanligini taʼkidladi.

Fransiyada esa bu harakat orqadan pichoq sanchish deya baholandi. Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian mamlakatlar oʻrtasidagi munosabatlarda ishonch buzilganiga eʼtibor qaratdi. Uning soʻzlariga koʻra, Kanberraning qarori hamkorlik ruhiga zid keladi va izchillik yoʻqligini koʻrsatadi.

2017-yilda Avstraliya Fransiya kemasozlik kompaniyasi bilan 12 ta “Attack” tasnifidagi suv osti kemasini sotib olish uchun qiymati 66 milliard AQSH dollariga teng shartnoma imzolagan edi. Bu Avstraliya tarixidagi mazkur sohadagi eng yirik bitim hisoblanadi.

Ittifoq Xitoyga qarshi tuzildimi?

Mazkur Ittifoq orqali Vashington, London va Kanberra Pekinning harbiy va texnologik yutuqlariga qarshi chiqmoqchi. Xuddi shunday fikrlarni AQSHning ayrim ekspertlari bildirmoqda.

Oʻz navbatida, Ittifoq tuzilgani eʼlon qilingandan soʻng Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy mamlakatlar uchinchi davlatlarga zarar yetkazishga qaratilgan eksklyuziv bloklar tuzmasligi kerakligini taʼkidladi. U Ittifoq aʼzolarini Sovuq urush davridagi mafkuraviy xurofotlardan xalos boʻlishga chaqirdi.

Oʻz navbatida, Avstraliya Bosh vaziri Morrison Xitoy rahbari Si Szinpinga maktub yoʻllab, unda Xitoy tomonini Hind-Tinch okeani mintaqasida xavfsizlik boʻyicha muloqotga qoʻshilishga chaqirgan.

Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson ham AUKUS Xitoyga qarshi tuzilmaganini taʼkidladi.

Fazliddin ABILOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?