Apple 2025-yilda oʻzini oʻzi boshqaradigan elektromobilni sotuvga chiqaradi

01:08 25 Noyabr 2021 Dunyo
484 0

Dunyodagi eng yirik IT-kompaniyalardan biri boʻlgan Apple 2025-yilda toʻliq avtonom elektromobil ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishini maʼlum qildi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Appleʻning elektromobillarida rul va pedallar boʻlmaydi – uning saloni qoʻlsiz boshqarish uchun moʻljallangan. Kompaniya, shuningdek, yoʻlovchilar bir-biriga qarama-qarshi oʻtirishi uchun oʻrindiqlarni yon tomonlarga joylashtirishni ham koʻrib chiqmoqda.

Elektromobilning markazida iPadʻga oʻxshash sensorli ekran boʻladi. Bu orqali yoʻlovchi yoʻnalish buyruqlarini amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, kompaniyaning boshqa turdagi xizmatlari va qurilmalari avtomobilga birlashtiriladi.

Yaqin kelajakda kompaniya Kaliforniyadagi sinov parkida elektromobilni haqiqiy yoʻl sharoitida sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda.

Oʻzi boshqariladigan avtomobillar bozori jadal surʼatlar bilan oʻsib bormoqda. 2020-yilda bunday avtomobillar bozori 21 milliard dollarga baholangan edi. Ekspertlar 2026-yilga borib bu koʻrsatkich uch barobarga oshishini taxmin qilmoqda. Bu segmentdagi yetakchilar Kaliforniyada oʻzi boshqariladigan taksini ishga tushirgan Googleʻning Waymo kompaniyasi va Ilon Maskning Tesla kompaniyasi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?