AOKA ijtimoiy tarmoqlarda “Sevimli” telekanalida namoyish etilgan serial ortidan ijod erkinligi xususidagi eʼtirozlarga munosabat bildirdi

23:55 24 Yanvar 2022 Jamiyat
804 0

Foto: Arxiv surat

Oʻzbekistonda soʻz va ijod erkinligi kafolatlangan, har bir tahririyat oʻz kasbiy faoliyatida mustaqildir, albatta. Biroq katta auditoriyaga ega ommaviy axborot vositalari tomonidan aholiga badiiy ijod mahsulotlarini taqdim etishda amaldagi qonun hujjatlari talablari va odob-axloq meʼyorlariga toʻlaqonli rioya etilmayotgani oqibatida fuqarolarning asosli eʼtirozlari yuzaga kelmoqda. Bu haqda AOKA xabar berdi.

Shu asnoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Sevimli” telekanalida efirga uzatilgan “Sabriya” nomli milliy teleserialida axloqsizlik sahnalari yuzasidan ekspertiza oʻtkazildi.

Ekspertiza davomida teleserialning 2021-yil 29-dekabr kungi qismida Arslon ismli qahramonning mehmonxonada begona ayol bilan yotgani, 2022-yil 4-yanvar kungi qismida bir ayolning mast holatdagi turmush oʻrtogʻini uni xoʻrlagani uchun uxlab yotgan vaqtida pichoqlab oʻldirgani, bundan tashqari, 14-yanvar kungi qismida esa uch nafar bezorining giyohvand moddalarni isteʼmol qilgani va ularning bitta xonadonga bostirib kirgani, yigitlardan biri uydagi ayolga zoʻrlik ishlatgani tasvirlangan syujetlar oʻrganildi.

Ekspertlar quyidagi xulosaga kelishdi:

● lavha syujetidagi oʻgʻrining ayolga qilgan xatti-harakatlari kuch ishlatish yoʻli bilan nomusiga tegishga urinish sahnasi sifatida baholandi. Bunday teleseriallarning namoyish etilishi yoshlar oʻrtasida xotin-qizlarga nisbatan kuch ishlatishga moyillikni oshirishga xizmat qiladi;

● badiiy film va teleserial jamiyatdagi qarashlarni, yoshlarning tarbiyasini shakllantiradigan muhim vositalardan biri ekanini hisobga olib, ommaga taqdim etilayotgan har bir syujet, soʻz va harakat uchun masʼuliyatli boʻlish kerak;

● ayollarning obroʻyiga jiddiy putur yetkazayotgan sayoz “ijod namunalari” efirga uzatilishining oldini olish, gender tengligi va boshqa umuminsoniy qadriyatlar, milliy mentalitetni hisobga olib, etika nuqtayi nazaridan teleseriallarni telekanallarning badiiy tahlilidan oʻtkazilgandan soʻnggina namoyish qilish maqsadga muvofiq.

Shuningdek, ayolga toʻgʻridan-toʻgʻri tajovuz tasviri aks etgan ushbu lavha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keskin tanqid qilinib, salbiy fikr-mulohazalar ifoda etilishiga, shu jumladan, ayrim fuqarolar, masʼul xodimlarning obroʻsizlanishiga sabab boʻldi.

“Sabriya” nomli milliy teleserial boʻyicha tayyorlangan ekspertiza xulosasi oʻrnatilgan tartibda koʻrib chiqish va huquqiy baho berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga joʻnatildi, deyiladi xabarda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq axloqsiz sahnalar tufayli keng muhokamalarga sabab boʻlgan serial haqida munosabatlar hamda “Davlat subsidiyasi mablagʻlarining taqsimlanishida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻygan” Firdavs Abduxoliqov ishi Bosh prokuraturaga yuborilgani haqida xabar berilgandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер