Antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash oʻlim holatlariga sabab boʻlishi mumkin — mutaxassis

15:06 26 May 2022 Jamiyat
350 0

Inson dardga chalinganida, xastalikdan tezroq sogʻayib, oyoqqa turishni, ogʻriqlardan zudlik bilan xalos boʻlishni istaydi. Shunday vaziyatda koʻpchilik oʻzboshimchalik bilan antibiotiklarni qoʻllab, tuzalish oʻrniga, aksincha, salomatligini butunlay yoʻqotganiga koʻpchiligimiz guvohmiz.

Xoʻsh, antibakterial preparatlardan qaysi holatlarda foydalanishga ruxsat beriladi? Ularning qanday nojoʻya taʼsirlari bor? Umuman, antibiotiklar haqida aholi nimalarni bilishi lozim?

Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi boshqarma boshligʻi Muhabbat Ibragimovadan ushbu savollarga javob oldik.

— Dunyoda antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash oqibatida hayotdan koʻz yumayotganlar soni yiliga 700 ming kishini tashkil etadi, — deydi M.Ibragimova. — Ammo JSST bu raqamlar yanada oshib ketishidan jiddiy xavotirda.

Tashkilot xulosasiga koʻra, agar antibiotiklardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050-yilga borib uning asoratlari tufayli yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin.

Xoʻsh, buning sababi nimada?

Tibbiyotda antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik degan atamalar bor. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo boʻlsa, multichidamlilikda bemorga bu kabi hech bir dori taʼsir qilmay qoladi.

Masalan, soʻnggi yillarda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi koʻplab bemorlarning oʻlimiga sabab boʻlyapti.

Bunday vaziyatda bakteriya antibiotik haqidagi maʼlumotni gen darajasida eslab qoladi va oʻz “avlod”lariga meros qilib qoldiradi. Shundan soʻng bakteriya shtammlari antibiotikni nofaol holatga oʻtkazuvchi fermentlar ishlab chiqaradi.

Shu tariqa hujayrada mazkur preparatlar buzishi kerak boʻlgan metabolizm reaksiyalari oʻz yoʻnalishini oʻzgartiradi, hujayra qobigʻi orqali kiradigan antibiotik hujayrada toʻplanishini kamaytiradi.

Natijada ularning davolovchi taʼsiri bir necha barobar pasayib ketadi yoki bakteriyaga qarshi hech qanday samara bermay qoʻyadi. Oqibatda muolajaga “chap beradigan” infeksiya tufayli bemor nobud boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?