Antarktidada qor yashil va qizil tusga kirdi

15:05 16 Fevral 2021 Dunyo
470 0

Antarktidaning Ukrainaga tegishli «Akademik Vernardskiy» stansiyasi yaqinidagi hududda qor qatlami yashil va qizil rangga burkandi. 

Olimlarning aytishicha, bu qorda mikroskopik kattalikdagi suv oʻtlarining rivojlanishi bilan bogʻliq. Ular qahraton haroratdan ham “qoʻrqmaydigan” va butun qish davomida qorda yashaydigan sporalar orqali koʻpayadi. Ob-havo sharoiti yaxshilanishi bilan esa sporalar oʻsishni boshlaydi. Qorga xlorofill pigmenti yashil, suv oʻtlarining ayrim turlari hujayralarida uchraydigan karotin qatlami esa qizil tus bergan.

Qorlarning ranglanishi esa iqlim oʻzgarishiga ham taʼsir koʻrsatar ekan. Bunday tabiiy boʻyoqlarda quyosh nuri kamroq aks etishi oqibatida erish jarayonlari tezlashadi. Natijada suv oʻtlari faol koʻpayib, nuqsonli doira hosil boʻladi.

Antarktida ilmiy markazi direktori Yevgeniy Dikiyning aytishicha, stansiya yaqinida qorning boshqa tusda koʻrinish berishi dunyo eʼtiborini tortgan. 

“Ushbu yangilikning tez mashhur boʻlib ketishi ortidan Kembrij universiteti olimlari yoz oyida Antarktidaning qancha hududi qizil qor bilan qoplanganini aniqlash uchun hamkorlikda tadqiqotlar olib borishni taklif etdi”, — deydi u. Bu boradagi tekshiruvlar yaqin orada boshlanib qoladi. Uning natijalari esa global isish oqibatida Antarktida qorlari erish miqyosini yangidan aniqlash imkonini beradi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?