Andijonlik paxtakorlar zafar marrasini zabt etdilar

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Saminjon Husanov/Andijon. Qishloq xoʻjaligida, xususan, paxtachilikda oʻziga xos tajriba maktabi yaratgan andijonlik paxtakorlar 10 oylik tinimsiz mehnatlari samarasi oʻlaroq, davlat qabul punktlariga 240 ming 800 tonnadan ortiq paxta xom-ashyosi yetkazib berdi va belgilangan shartnomaviy rejani bajardilar.
Paxtachilikda yangi islohotlardan boʻlgan paxta-toʻqimachilik ishlab chiqaruvchi klaster tizimi viloyatda ham joriy etildi. Xususan, oʻtgan 2018-yilda viloyatning 2 ta tumanida shunday tizim asosida ish tashkil qilingan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatki 9 taga yetdi. 79,4 ming gektar maydonga chigit qadab, agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirgan 2 ming 406 ta fermer xoʻjaligi paxta tozalash korxonalari va paxta-toʻqimachilik klaster korxonalari bilan shartnoma tuzib, ushbu shartnoma asosida gʻoʻza parvarishini amalga oshirdilar. Natijada paxtakorga yaratilgan sharoit yaxshilanib, hosildorlik koʻlami ortdi.
Masalan, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Xanteks” MCHJ paxta-toʻqimachilik ishlab chiqaruvchi klaster korxonasini olaylik.Chigit ekishdan tortib, paxta hosili yigʻib-terib olingunga qadar boʻlgan davrda tumandagi 8 ming 136 gektar paxta maydonlarida amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar klaster korxonasi tomonidan nazorat qilib borildi. Oʻz vaqtida agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish, zararkunandalarga qarshi kurashish, gʻoʻza qator oralariga ishlov berish uchun zamonaviy texnik vositalar taʼminlandi. Hatto xom ashyoni yigʻib olish uchun xorijdan 17 ta zamonaviy va yuqori unumli paxta terish mashinasi sotib olindi. Yetishtirilgan hosilni qayta ishlovchi paxta tozalash korxonasi, ishlab chiqarilgan texnik yogʻ-ekstraksiya ishlab chiqaruvchi zavod, olingan toladan tayyor mahsulot oluvchi toʻqimachilik korxonalari ishga tushirildi. Korxona tomonidan amalga oshirilgan keng koʻlamli ishlar natijasida tumanda yetishtirilgan paxta hosilini toʻliq tayyor mahsulotga aylantiruvchi ishlab chiqarish tizimi barpo etildi.
“Bugun - ulkan mehnat gʻalabasiga erishilgan kunda ilgʻorlar haqida toʻxtalmaslikning iloji yoʻq, albatta,-deydi viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyat paxtakorlariga yoʻllagan tabrik matnida. - Viloyatning ulkan paxta xirmonini bunyod etishda Paxtaobod, Buloqboshi, Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Oltinkoʻl, Izboskan, Ulugʻnor va Marhamat tumanlari mehnatkashlarining xizmatlarini alohida taʼkidlab oʻtmoq kerak. Ushbu tumanlar bugungi kunga qadar belgilangan shartnomaviy rejasini sharaf bilan ado etishda boshqa tumanlarga ibrat namunasini koʻrsatdilar. Jalaquduq tumanidagi “Muhammadjon Husniddin dalasi” fermer xoʻjaligi paxtakorlari joriy yilda 15,6 gektar paxta maydonlarining har gektaridan oʻrtacha 52,5 sentnerdan hosildorlikka erishib, davlatga jami 82 tonna paxta topshirdilar, shartnomaviy reja 174 foizga bajarildi. Xuddi shunday, Qoʻrgʻontepa tumanidagi “Qorasuv Agro Global”, Paxtaobod tumanidagi “Sarvinoz Parvoz”, Oltinkoʻl tumanidagi “Mashʼal erkin parvozi”, Izboskan tumanidagi “Izboskan shonalari” fermer xoʻjaliklarida ham har gektar yerdan olingan hosildorlik 40 sentnerdan yuqori boʻldi, birinchi terim yakunlanmasdanoq shartnoma bajarildi. Bugungi kunga kelib ular shartnomaviy rejani 130 foizdan 160 foizgacha yetkazishga erishdilar”.
Ayni damda viloyatning qay bir hududiga razm solmang, katta toʻyu tantanaga guvoh boʻlasiz. Istagimiz, mana shu xursandchilik bardavom boʻlsin! Har bir kunimiz xushxabarlarga boy oʻtsin! Zafaringiz muborak boʻlsin, andijonlik paxtakorlar!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Andijon viloyati hokimi 15 yoshli qizni zoʻrlagani toʻgʻrisidagi xabarlarga izoh berildi
- Surxondaryodagi bozorda begona ayol 3 yoshli qizchani pichoqladi
- CEFR imtihonining oʻtkazilish sanalari maʼlum boʻldi
- Istanbul aeroportida tanasiga 6 kg oltin yashirgan oʻzbekistonlik ayollar ushlandi
- Yoʻl harakati qoidabuzarliklarning jarima ballari qachondan kuchga kiradi?
- 9 yoshli qizchaning oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi 4 yilga qamaldi (+video)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring