Andijonlik xonanda shoir sheʼridan ruxsatsiz foydalangani uchun jarimaga tortildi

15:43 26 Iyul 2022 Jamiyat
455 0

Foto: Xalq so‘zi

“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunda adabiy asarlar (adabiy-badiiy, ilmiy, oʻquv, publitsistik va boshqa asarlar) mualliflik huquqi obyektlari hisoblanishi, asarni nashr qilish, omma oldida ijro etish yoki undan boshqacha tarzda foydalanishda asarning oʻziga, nomiga va muallifning ismi-sharifi koʻrsatilishiga biron-bir oʻzgartish kiritishga faqat muallifning roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi belgilangan. Shuningdek, Qonunning 62-moddasiga koʻra, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar obyektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni qoʻpol ravishda buzish hisoblanadi.

Joriy yilning 30-iyun kuni Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida yashovchi Gʻulom Boboyorov Adliya vazirligiga “Gʻulom Nazar” taxallusi bilan ijod qilib kelishini bildirib, “Dadangizni quchoqlab qoʻying” nomli sheʼridan ruxsatsiz, kelishuv shartnomasini tuzmasdan uchinchi shaxslar tomonidan qoʻshiq qilib ijro qilinayotganidan norozi boʻlib, amaliy yordam soʻrab murojaat etgan. Uning murojaati Andijon viloyat adliya boshqarmasi tomonidan tegishli tartibda oʻrganib chiqildi.

Oʻrganish jarayonida Asaka tumanida yashovchi fuqaro Elyor Toʻychiyev yuqoridagi sheʼrni “Otam” nomi bilan toʻylarda qoʻshiq qilib ijro etgani va uni YoutTube ijtimoiy tarmogʻiga joylagani aniqlandi.

Yuqoridagilarga asosan, boshqarma tomonidan fuqaro E. Toʻychiyevga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 177(1)-moddasi bilan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari boʻyicha Asaka tuman sudiga yuborildi. Sud qaroriga asosan xonanda E. Toʻychiyev aybli deb topilib, unga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Murodjon JALOLDINOV,

Andijon viloyat adliya boshqarmasi

Intellektual mulk huquqlarini

himoya qilish boʻlimi bosh maslahatchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?