Andijondan Moʻynoqqa piyoda otlangan yurtdoshlarimiz bugun poytaxtga yetib keldi. Ular Jismoniy tarbiya va sport vazirligida boʻlishdi

21:16 24 Fevral 2021 Sport
1157 0

Avval xabar qilganimizdek, “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida sirdaryolik ikki yurtdoshimiz butun Oʻzbekiston boʻylab piyoda yurib oʻtishga qaror qilishgan edi.

Eʼtiborlisi, 15-fevral kuni Andijon shahridan yoʻlga chiqqan bu azamatlar kuniga oʻrtacha 40-45 kilometr masofani bosib oʻtishmoqda. Bugun sayxunobodlik yurtdoshlarimiz Eldorbek Joʻrayev hamda Toʻlqin Usmonov Toshkent viloyati orqali oʻtib poytaxtimizga yetib kelishdi. Yoʻl-yoʻlakay ularga televideniye xodimlari hamrohlik qilishdi.

Matonatli yurtdoshlarimizni Jismoniy tarbiya va sport vazirligida vazirning birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov hamda OAV vakillari kutib olishdi.

«Sizlarning bu matonatingiz va jasoratingiz tahsinga loyiq, - dedi uchrashuvda Ravshan Sayfiddinovich. – Futbol hakamlari bir oʻyinda oʻrtacha 15-18 km masofani bosib oʻtishadi. Sizlar esa bir kunda oʻrtacha 40 — 45 km masofani ortda qoldirmoqdasiz. Albatta, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi sizlarning bu tashabbusingizni olqishlaydi va har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali sizlarga yurtdoshlarimiz ham xayrixoh boʻlishayotganini kuzatib turibman. Ishonamanki, Moʻynoqqacha boʻlgan masofada sizlar juda koʻp yurtdoshlarimizni sogʻlom turmush tarziga oshno etasizlar, bu yoʻlda sizlarga kuch-quvvat tilayman».

Shundan soʻng vazirlik nomidan E.Joʻrayev va T.Usmonovlarga esdalik sovgʻalari topshirildi va ularga oq yoʻl tilandi.

Oʻz oʻrnida ushbu yurtdoshlarimiz samimiy qabul uchun vazirlik rahbariyatiga minnatdorlik bildirdi. Va albatta har qanday ob-havoga qaramasdan oʻz maqsadlaridan aslo chekinmaslikka va nasib etsa “Navroʻz” umumxalq bayramini Moʻynoqda qoraqalpoq xalqi bilan kutib olishga harakat qilishini bildirdi.

“Kelgusidagi maqsadlarimiz — nafaqat Oʻzbekiston, balki xorijiy mamlakatlarni ham piyoda bosib oʻtish va ona Vatanimiz bayrogʻini chet ellarda ham magʻrur hilpiratish”, - dedi oʻz soʻzida Eldorbek Joʻrayev.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?