Andijondagi yagona tarixiy qalʼa
Andijondagi yagona tarixiy Qalʼa Dukchi Eshon mahallasida joylashgan. Ushbu yodgorlik Oʻshdan kelishda shaharning ramziy darvozasi boʻlgan. Maʼlumotlarga koʻra, chor Rossiyasi harbiy qismi uchun mudofaa qoʻrgʻoni sifatida 1878-1881-yillarda bunyod etilgan. Maydoni 4-4,5 gektarni tashkil etib, 6 ta kazarma binosi, qurol-aslahalar omborxonasi, otxona, gauptvaxta (mahbuslarni vaqtincha ushlab turuvchi joy) oʻrin olgan.
Devorlarining boʻyi 10 metr, qalinligi 4-5 metr, yuqori qismi kungirali, uch qator oʻq otishga moʻljallangan maxsus teshiklari mavjud. Asosiy kirish qismi zinali boʻlib, kengligi 3 metrli yogʻoch darvoza orqali ichkariga kirilgan. Devor qatlami kvadrat hajmli va toʻrt burchakli pishiq gʻisht hamda paxsa bilan koʻtarilgan. Baland devorlaridan Andijon shahrining har bir mahallasi koʻrinib turgan. Shu joydan turib isyonlarni bostirish imkoniyati boʻlgan.
— Qalʼada chor Rossiyasi armiyasining Turkiston asosiy muntazam harakatdagi batalyoni 4-5-rotasiga tegishli 250 dan ziyod askarlari boʻlgan, — deydi meʼmoriy yodgorlik masʼul xodimi Behzodbek Oxunov. — 130-yil davomida juda koʻp tarixiy voqealar, jumladan, 1898-yilda Dukchi Eshon boshchiligidagi Andijon qoʻzgʻolonining guvohi boʻlgan. Bizgacha “Qalʼa” obidasining faqat bir qismi va baland mahobatli devorlarining uchdan bir qismigina saqlanib qolgan. Yodgorlik hududidagi quduq va zindon hozirgacha saqlanib qolgan. Zindon tor yoʻlak va ikki xonadan iborat boʻlib, askarlar uchun gauptvaxta sifatida bunyod etilgan. Keyinchalik asir olingan oʻzbek qoʻzgʻolonchilari uchun zindon vazifasini oʻtagan. Zax va qorongʻi xonada oʻsha davr muhitini namoyish etuvchi holat oʻz aksini topgan.
Aytishlaricha, askarlarni ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida qurilgan quduqdan suv chiqmagan. Boisi, Qalʼa yer sathidan ancha balandlikda joylashgan. Qoʻzgʻolon paytida halok boʻlgan bir qancha askarlarning murdasi mana shu quduqqa tashlab yuborilgan.
— Bu joyni bir necha marta nabiralarim bilan tomosha qilganman, — deydi Jalaquduq tumanida yashovchi mehnat faxriysi Toʻydixon Aliboyeva. — Tarixiy eksponatlar oʻsha davrda qurollar qanday ishlanganini koʻrsatadi. Devorlarining mustahkamligi sabab yillar oʻtsa-da oʻz holida saqlangan. Unda oʻtmishimiz, ota-bobolarimiz nafasini koʻrish mumkin.
“Qalʼa” bugungi kunga kelib viloyatda sayyohlik salohiyatini shakllantirishga xizmat qiluvchi sanoqli manzillardan biridir. Shunday ekan, bu yerdagi har bir eksponatlar ham qadrli boʻlib, ular tarixdan guvohlik beradi.
Akbarjon NAZAROV, jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Bollivud yulduzi Mumbaydagi uyida pichoqlab ketildi
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- HAMAS va Isroil oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi
- Bir xum tilla topib olindi. Ushbu xazinada Gʻarbiy Rim imperiyasi imperatorining suratlari tushirilgan 141 dona oltin tanga bor
- Poykentdan Oʻrta Osiyoda eng qadimiy sanalgan metall qurollar topildi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring