Andijondagi maktablardan biri binosiz qoldi. Bu masalani zudlik bilan hal etish choralari koʻrilmoqda

08:36 26 Mart 2021 Jamiyat
1364 0

Oliy Majlis Senatining fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Odiljon Iminov hududlarda boʻlib, fuqarolarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda. Saylovchilarni qiynab kelayotgan muammolarni imkon qadar joyida hal etish, nazoratga olish choralari koʻrilmoqda. Jumladan, Andijon tumanidagi mavjud tibbiyot maskanlari va oʻquv yurtlarida olib borilgan nazorat davomida ayrim kamchiliklar bartaraf etilib, ijobiy natijalarga erishildi. Muammosiga yechim topgan saylovchilar esa senatordan minnatdor.

— Davlatimiz rahbarining “Yetim bolalar va ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorini oʻqigach, farzand asrab olishga qaror qildim, — deydi tumanning Mustaqillik koʻchasida istiqomat qiluvchi Raʼnoxon Qodirova. —Natijada Andijon shahridagi “Bolalar shaharchasi”da istiqomat qilayotgan 5 nafar oʻgʻil-qizlarni qaramogʻimga oldim. Amaldagi tartiblarga binoan tutingan ona sifatida menga nafaqa tayinlanishi kerak edi. Afsuski, keyingi paytlarda bu masala yechimini topmay keldi. Bu oʻz oʻrnida bolalarni kiyintirish, oʻquv qurollari bilan taʼminlashda muammolarni yuzaga keltira boshladi. Qoʻmita raisi xonadonimizda boʻlib, vaziyat bilan tanishgach, shu joyning oʻzida amaliy yordam berishga kirishdi. Oilamizdagi baxti bekamlik taʼminlanganidan baxtiyormiz!

Qoʻmita raisi masalaning ijobiy yechimidan koʻngli toʻlgani bilan muammo shu bilan hal etilmasligini ham unutgani yoʻq. Shu bois har bir masala senatorlar tomonidan nazoratga olinishini maʼlum qildi.

Respublikamizda har bir sohaga boʻlgan eʼtibor kun sayin ortayotgan bir paytda tumanning “Orol” qishlogʻida joylashgan 52-umumiy oʻrta taʼlim maktabi binosiz qolganligi kishini ajablantiradi.

— Mazkur maktab sobiq “Orol” pedagogika kasb-hunar kollejiga koʻchirilgan edi, — deydi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi aʼzosi Matlubaxon Gʻaniyeva. —Hozirda mazkur kollej faoliyati qayta tiklandi. Maktab pedagogik jamoasining bu boradagi murojaati qoʻmita raisi tomonidan oʻrganib chiqildi va bu masala zudlik bilan hal etilishi choralari koʻrilmoqda.

Bu kabi uchrashuvlar hududlarda yigʻilib qolgan masalalarni hal etibgina qolmasdan, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning ham oldini olishga xizmat qilmoqda.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?