Andijonda zargarlik buyumlari koʻrgazmasi oʻtkazildi

15:11 25 Oktyabr 2023 Jamiyat
77 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Viloyat hokimligi tomonidan zargarlik buyumlari koʻrgazmasi tashkil etildi. Unda zargarlik mahsulotlari savdosi bilan faoliyat yurituvchilar, ishlab chiqaruvchilar va zargar hunarmandlar ishtirok etdilar. “Navruz Mall“ savdo majmuasida oʻtkazilgan mazkur tadbir davomida yoʻnalish vakillari oʻzaro tajriba almashgan boʻlsalar, koʻrgazma ishtirokchilari tilla buyumlarni chegirmali narxlarda xarid qilish imkoniga ega boʻldilar.

— Andijon viloyatida zargarlik buyumlari savdosi yaxshi rivojlangan,—deydi viloyat investitsiyalar, savdo va sanoat boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari Doniyorbek Rahimov. –Shuningdek, zargarlik hunarmandchiligi yoʻnalishida ham oʻziga xos tajriba maktabi mavjud. Kelgusida ushbu yoʻnalishda faoliyat yurituvchi korxonalar barpo etilishi tarafdorimiz. Buning uchun mana shunday koʻrgazmalarning tashkil etilishi imkoniyatlar eshigini ochib beradi.

Tadbir davomida shuningdek, jurnalistlar, bloger va ijtimoiy tarmoq faollari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda soʻz olgan viloyat hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari boʻyicha yordamchisi Ergashali Abdujalilov hududda soʻnggi besh yilda sanoat sohasida amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda kelgusida bajarilishi lozim boʻlgan masalalarga ham toʻxtaldi.

— Andijon viloyatining sanoat mahsulotlari 2017-2022-yillar mobaynida 244,3 foiz oʻsishga erishgan boʻlib, sanoatning asosiy drayver tarmoqlari hisoblanmish mashinasozlik va ehtiyot qismlar sanoati 4,9 baravarga, toʻqimachilik sanoati 2,1 baravarga, oziq-ovqat sanoati 1,3 baravarga ortgan,—deydi u anjuman davomida. —Bundan tashqari, farmatsevtika sanoati tarmogʻida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi hisobiga 8,1 baravarga ortishiga erishildi. Viloyatda 2016-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish xajmi
7,9 trln. soʻmni tashkil etgan boʻlsa, ushbu koʻrsatkich 2022-yil yakuni bilan 54,1 trln. soʻmga yetkazildi.

Tadbir davomida maʼlum qilinishicha, joriy yilda 65,4 tlrn. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi koʻzda tutilgan boʻlsada, mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanilsa, bu koʻrsatkich 70 trln. soʻmni tashkil etishi mumkin. 2024-yil davomida esa 85 trln. soʻmlik sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish taʼminlanadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?