Andijonda “Ucell” xodimi kompaniyaning qariyb 450 mln soʻm pulini onlayn birjada yutqazib qoʻydi

16:30 14 Avgust 2024 Jamiyat
311 0

Andijon viloyati Paxtaobod tumanida “Ucell” xodimi kompaniyaning katta miqdordagi pulini onlayn birjada yutqazib qoʻydi. Bu haqda “Xalq soʻzi”ga Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov maʼlum qildi.

Sud hukmida keltirilishicha, 1999-yilda tugʻilgan A.I. “Ucell” kompaniyasining Paxtaobod tumani filialida katta sotuvchi vazifasida ishlagan. Yigit 2023-yilning oktyabr oyida kompaniya tomonidan mijozlarga toʻlovlar uchun oʻtkazilgan 198 mln 900 ming soʻm pulni “Paynet” ilovasidan foydalanib, oʻzining nomidagi bank plastik kartasiga oʻtkazib olgan. Soʻngra ushbu mablagʻni “Bitcoin” oldi-sotdisi uchun “Binance” kriptovalyuta birjasiga tikib yuborgan.

A.I. 2023-yil noyabr oyida shu usulda kompaniyaning 249 mln 907 ming soʻm mablagʻini oʻz bank kartasiga oʻtkazib, yana onlayn birjaga tikkan. Ammo uning omadi kelmagan va kompaniyaning jami 448 mln soʻmdan ortiq pulini yutqazib qoʻygan.

Sudda A.I. aybiga iqror boʻlib, yetkazilgan zararni qoplaganini, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan va oʻziga nisbatan qonuniy yengillik berishni soʻragan.

Sud qarori bilan A.I. Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandida koʻrsatilgan jinoyatni (juda koʻp miqdorda oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 1-yil davlat hamda davlat ulushi ishtirokidagi korxonalarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2-yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?