Andijonda tabiatga zarar yetkazgan 2 ming 682 nafar huquqbuzar tegishli tartibda javobgarlikka tortildi

15:09 06 Noyabr 2021 Jamiyat
807 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻtgan kuni poytaxtimiz va ayrim viloyatlarda kuzatilgan chang boʻroni ona tabiatga nisbatan yanada ehtiyotkor munosabatda boʻlish, atrof-muhit muhofazasiga barcha birdek masʼullik his qilishi kerakligini yana bir bor eslatdi. Aslida esa bu mavzuda OAVda, ijtimoiy tarmoqlarda ekologlar, jurnalist-blogerlar deyarli har kuni bong uradi, joylarda tegishli choralar koʻriladi, natija esa, afsuski, koʻp hollarda qoniqarsiz qolayotgani sir emas.

— Andijon viloyatida yilning oʻtgan davrida atmosfera havosini muhofaza qilish maqsadida 1 ming 512-marta nazorat reydlari tashkil etildi, - deydi Andijon viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari Lochinbek Isomuddinov. — Natijada 765 ta korxonada tabiatga zarar yetkazish bilan bogʻliq 1 ming 485 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ularga nisbatan 281 mln. 477 ming soʻm miqdorida maʼmuriy jarima qoʻllanildi. Amaldagi talablarni buzganligi uchun 2 ming 682 nafar huquqbuzarlar 1 mlrd. 108 mln. 64 ming soʻm miqdorida jarima toʻlashlariga toʻgʻri keldi.

Misol uchun, “Nil granit” MCHJdan 13 mln. 990 ming 28 soʻm, “Yevro yekfvin” korxonasidan 18 mln. 500 ming soʻm, “Madaniyat tekstil” MCHJdan 5 mln. soʻm miqdoridagi mablagʻ atrofga ortiqcha tashlanayotgan zararli moddalar uchun kompensatsiya tarzida undirildi.

Boshqarma tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida maʼlum qilinishicha, oʻtkazilgan monitoringlar natijasida ayrim korxonalarning atrof-muhitga meʼyordan ortiqcha zarar yetkazayotgani oydinlashdi. Targʻibot ishlari davomida buning salbiy oqibatlari tushuntirilmoqda. Tabiatga shafqatsiz munosabatda boʻlish aslida iqtisodiy-ijtimoiy hayotimizga ham katta ziyon yetkazishiga urgʻu berilmoqda.

Insoniyat tabiatdan ayro yasholmaydi. Biz unga qanday munosabatda boʻlsak, u ham bizga shunday javob qaytarishi muqarrar. Zotan biz bugun bahramand boʻlayotgan tabiat neʼmatlaridan kelajak avlodni mosuvo qilishga haqqimiz yoʻq.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?