Andijonda simyogʻochda xizmat vazifasini oʻtayotgan montyor faoliyatiga toʻsqinlik qilgan shaxs tergovga qadar surishtiruvga jalb etildi

15:28 22 Sentyabr 2021 Jamiyat
629 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Inson tabiati qiziq. Qarz toʻlashni yoqtirmaydi, biroq qarzdor boʻlib yurishni oʻziga ep koʻraveradi. Avvallari Majburiy ijro byurosi xodimlariga qarshilik qilgan qarzdorlarga guvoh boʻlardik. Bu holat keyinchalik «Oʻzsuvtaʼminot» xodimlariga nisbatan qoʻllanildi. Gazchilar ham bu kabi qarshiliklardan xoli boʻlmadi. Hech boʻlmasa, “bir-ikki ogʻiz «shirin” soʻz» eshitishadi doim. Bu safar nishon vazifasini elektr energiyasi idorasi xodimi oʻtadi.

Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 1-noyabrdagi “Elektr energiyasidan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilish mexanizmini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va 2018-yil 12-yanvardagi “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari toʻgʻrisida”gi qarorlarida muddati oʻtgan qarzdorligi bor va oldindan toʻlovni amalga oshirmagan ulgurji isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berish toʻxtatilishi belgilab qoʻyilgan. Shunga binoan “Andijon hududiy elektr tarmoqlari  korxonasi” AJ masʼullari Jalaquduq tumanida faoliyat yurituvchi «Ikromjon mega invest rivoj» MCHJni elektr taʼminotidan uzish jarayonida korxona rahbarining oʻgʻli tomonidan qattiq qarshilikka duch kelishdi.

Jamiyat Matbuot xizmati kotibi Muxlisa Sobirovaning maʼlum qilishicha, korxonaning shu yilning 16-sentyabr holatiga foydalanilgan elektr energiyasidan 168 mln 176.5 ming soʻm miqdorida qarzi boʻlgan. Isteʼmolchiga qarzdorlikni bartaraf etishi boʻyicha bir necha bor ogohlantirish xatlari yuborilgan boʻlishiga qaramay, tadbirkor qarzni toʻlamay kelgan. Bu ham kamlik qilgandek korxona rahbarining oʻgʻli elektr taʼminoti montyori Iqbol Egamberdiyev simyogʻochda ishlayotgan paytida boshqaruvidagi ekskavator bilan simyogʻochni qulatishga uringan. Vaziyatni yumshatishga harakat qilgan xodimlarga tosh otish orqali qarshilik koʻrsatgan va elektromontyor I. Egamberdiyevni qoʻl bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish idoralari tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?