Andijonda respublikada yagona boʻlgan “Hokim akademiyasi” ish boshladi

09:40 16 Sentyabr 2022 Jamiyat
6335 0

Foto: Xalq so‘zi

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashabbusi bilan mamlakatimizda yagona boʻlgan “Hokim akademiyasi” oʻz faoliyatini boshladi. Dastlab akademiya haqida. Xoʻsh, u qanday taʼlim maskani? Uning boshqa bilim yurtlaridan qanday farqi va afzalliklari bor?

— Bu onlayn taʼlim platformasi boʻlib, u yangi gʻoyalarni, yangicha innovatsion taʼlimni raqamlashtirilgan zamonaviy va milliy pedagogik texnologiyalar umumlashmasi bilan oʻrgatishga ixtisoslashgan, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Andijon viloyati boshqarmasi boshligʻi Ziyodullo Samatov. — Mazkur akademiyada oʻquv jarayonlari onlayn tarzda amalga oshiriladi va xohlagan fuqarolar undan foydalanishlari mumkin. Buning uchun zamonaviy, kompyuterlashgan, eng soʻnggi innovatsion texnologiyalar, jahon talablari andozasidagi jihozlar bilan taʼminlangan studiya tashkil etildi. U orqali foydalanuvchilar oʻzlari istagan yoʻnalishlarda yetuk mutaxassislar, salohiyatli va tajribali pedagoglar, xorijiy fanlar oʻqituvchilaridan bilim olish imkoniga egalar.

Akademiyaga shu kungacha 20 ming 279 nafar foydalanuvchilar roʻyxatdan oʻtganligi ushbu platformaning nechogʻli ahamiyatli ekanligidan dalolatdir.

Andijon shahrida ushbu platformaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda soʻz olgan viloyat hokimi Sh. Abdurahmonov bugungi ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalardagi tezkor oʻzgarishlar taʼlim tizimini ham tubdan isloh qilishni taqozo etayotganligi, mazkur mukammal onlayn taʼlim platformasi bu borada muhim ahamiyat kasb etishi haqida fikr bildirdi.

“Hokim akademiyasi” oʻz faoliyatini boshladi va undan foydalanish mutlaqo bepul.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?