Andijonda “prava”siz haydovchi YPX xodimlaridan qochib, 2 ta mashina bilan toʻqnashdi

14:58 28 May 2025 Jamiyat
241 0

Videodan kadr

Andijon viloyati Andijon tumanida yoʻl patrul xizmati inspektorining qonuniy talabiga boʻysunmagan “Nexia-2” haydovchisi yoʻl-transport hodisasi sodir etdi. Bu haqda viloyat Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, joriy yilning 26-may kuni soat 14:00 larda Andijon tumani Yangi Asaka yoʻli hududida xizmat olib borayotgan YPX inspektori “Nexia-2” rusumli transport vositasiga hujjatlarini tekshirish maqsadida “toʻxtash” ishorasini bergan. Biroq 20 yoshli A.M. inspektorning qonuniy talabiga boʻysunmasdan, mashinasini Asaka tumani hududi tomon haydab ketgan.

Shuningdek, qoidabuzar haydovchi Asaka tumani “Koʻrkam” MFY hududida xizmat olib borayotgan bir necha JTSB hamda YPX inspektorlarining ham qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatni davom ettirgan. U ichki koʻchadan asosiy yoʻlga keskin chiqib yuborishi oqibatida oʻz yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Labo” va “Captiva” rusumli transport vositalari bilan toʻqnashib ketgan. Bu ham yetmagandek, “shovvoz” yoʻl-transport hodisasi sodir etib, mazkur voqea joyidan ham ketib yuborgan.

JTSB va YPX xodimlari kuzatuvni davom ettirib, transport vositasini Asaka tumani “Humo” MFY hududida toʻsib ushlashgan.

Shundan soʻng haydovchining yoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida, mashina salonida oʻtkir tigʻli jism (pichoq) borligi hamda 20 yoshli A.M. tegishli hujjatlarsiz transport vositasini boshqargani aniqlangan.

YHXBga koʻra, sodir etilgan yoʻl-transport hodisasida tan jarohati olgan fuqarolar yoʻq, transport vositalari texnik shikastlangan.

Hozirda haydovchi A.M. Asaka tumani IIB masʼul xodimlari tomonidan ushlanib, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 288-moddasi tartibida tuman IIBning vaqtincha ushlab turish hibsxonasiga joylashtirilgan. Dastlabki surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?