Andijonda elektroshokerli bosqinchi 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi

16:40 20 Avgust 2021 Jamiyat
875 0

Jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tuman sudida Zarifjon Rahimov raisligida navbatdagi jinoyat ishi yuzasidan hukm eʼlon qilindi. Unda sudlanuvchi Mansurbek Mamadaliyevga nisbatan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.

Andijon viloyati sudi Matbuot xizmatidan maʼlum qilishlaricha, fuqaro 2020-yil davomida mamlakatimizda hukm surgan karantin davrida boshqaruvidagi “Damas” avtomashinasida oziq-ovqat mahsuloti savdosi bilan shugʻullangan. Bu orada yaqin tanishi bir million soʻm miqdoridagi qarzini talab qiladi. Yonida puli boʻlmagan yigit xaridorlardan birining uyiga oʻgʻirlikka tushishni rejalashtiradi. Shu tariqa 2021-yilning 2-mart kuni qabih niyatini amalga oshirishga kirishadi. Buning uchun ertalabki soat 6:00 da Marhamat tumanining Turon MFYda istiqomat qiluvchi, avvaldan xaridori boʻlgan fuqaroning uyiga yashirincha kirib boradi. Soat 8:00 gacha uy egalari ishga ketishini poylab, uyning tom qismida oʻtiradi. Xonadonda hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, rejasini amalga oshirishni boshlaydi. Bu orada uyga kirib qolgan oila aʼzosi Nafisaxon Ahmedova (ism-sharif oʻzgartirildi) oʻgʻrini koʻrib, baqirib yuboradi. Har qancha urinmasin, qochishga ulgurmaydi. Oʻgʻri uning yuz qismiga musht tushirib, harakatiga tobe holatga soladi va oʻzi bilan olib kelgan elektroshoker orqali qoʻrqitadi. Nafisa pul talab qilayotgan yigit garchi yuziga niqob kiyib olgan boʻlsa-da, mahallasiga “Damas” avtomashinasida kelib, oziq-ovqat mahsuloti savdosi bilan shugʻullanuvchi Mansurbek ekanligini tanib qoladi. Shunday boʻlgani holda sir boy bermaydi va unga puli yoʻqligini aytadi. Bunga javoban yigit uning qulogʻi, boʻyni va barmogʻidagi mavjud tilla taqinchoqlarni talab qiladi. Shu tariqa salkam 10 million soʻmlik tilla buyumlarni bosqinchilik yoʻli bilan qoʻlga kiritgan oʻgʻri hovlidan devor osha qocha boshlaganida Nafisaxon Ahmedova baqirib, mahalladoshlarni yordamga chaqiradi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha, deganlari haq ekan. Shovqin-surondan sergak tortgan qoʻshnilar oʻgʻrini mahallaning oʻzida qoʻlga oldilar.

Shunday qilib, savdogarning bir million soʻm pul bilan bogʻliq “savdosi”ga xotima yasaldi. Nachora, qilmish-qidirmish, degan gap ham bor...

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?