Andijonda deputatlar huquq tartibot organlari tomonidan tintuvdan oʻtkazildi. Ushbu holat nazoratga olindi

16:05 18 May 2021 Jamiyat
508 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Xalq deputatlari Andijon shahar kengashi deputatlari huquq tartibot organlari tomonidan tintuvdan oʻtkazilgani holati yuzasidan munosabat bildirdi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 17-may kuni xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida bir guruh deputatlar huquq tartibot organlari tomonidan tintuvdan oʻtkazilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Xabarda aytilishicha, mahalliy deputatlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali tegishli idoralardan Andijon shahar hokimining yer ajratish toʻgʻrisidagi ayrim qarorlarini noqonuniyligi boʻyicha oʻrganish oʻtkazishni talab qilishlari ortidan Andijon shahar prokurori tomonidan 2021-yil 6-may kuni shahar Kengashi deputati Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish toʻgʻrisida xalq deputatlari Andijon shahar kengashiga taqdimnoma kiritilgan.

Mazkur taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar kengashining navbatdagi sessiyasida deputat Sh.Karimovni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish masalasi koʻrib chiqilgan.

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish mamlakatimiz kun tartibidagi asosiy masalalaridan biri boʻlib turgan, bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilayotgan bir paytda bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi idora tomonidan korrupsiya holati haqida xabar bergan shaxsni himoya qilish oʻrniga, unga nisbatan turli taʼsir choralari qoʻllanilayotganini oqlab boʻlmaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur holatning nazoratga olinganini va natijalari boʻyicha qoʻshimcha axborot berishni maʼlum qiladi» deyiladi Agentlik matbuot xizmati xabarida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?