Andijonda Buloqboshi tumani innovatsion hududga aylantiriladi

15:38 08 Avgust 2022 Jamiyat
193 0

Foto: Xalq so‘zi

Buloqboshi tumani Andijon viloyatining qoʻshni davlat bilan chegaradosh hududi hisoblanadi. Asosan agrar sohaga ixtisoslashgan ushbu tumanda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Buning uchun 50 ta loyiha tanlab olingan boʻlib, ularning har biri mahalliy sharoit uchun juda muhimdir.

— Tumanimizda chiqindilarni qayta ishlashni yoʻlga qoʻyishga zarurat bor, — deydi Odinaxon Esonova nomidagi oilaviy korxona rahbari Dilmurodjon Oʻrinov. — Shunga koʻra “Mahalliy polimer chiqindilardan quvur qopqoqlari ishlab chiqarish” loyihasini amalga oshirmoqchimiz. Buning afzallik jihatlari shundaki, hozirda qoʻllanilayotgan choʻyan yoki beton qopqoqlarga nisbatan polimer qopqoqlarning tannarxi ancha arzon. Misol uchun, choʻyan qopqoqlarning narxi 400 ming soʻmdan 800 ming soʻmgacha boʻlsa, beton qopqoqlarning narxi esa 150 ming soʻmdan 400 ming soʻmgachani tashkil etadi. Biz taklif etadigan mahsulot tannarxi atigi 100 ming soʻm boʻlib, 35 kg ogʻirlikdagi polimer qopqoqlarni quvurlarga oʻrnatishda koʻp ishchi kuchi talab etilmaydi.

— Bunday iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyati katta loyihalar hudud rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etmogʻi tayin, — deydi Innovatsion rivojlanish vazirligining Andijon viloyat hududiy boshqarmasi boshligʻi Abdurashid Turgʻunov. — Masalan, shampinyon navli qoʻziqorin yetishtirish loyihasini olib koʻraylik. Loyihaga binoan esa bu mahsulot bir necha qavatdan iborat tokchalarda yetishtiriladi. Bu eng kam imkoniyatga ega boʻlgan tor joyda ham bir kunda 15-20 kg. qoʻziqorin hosilini yigʻishtirib olish imkonini beradi. Daromadi esa yuqori. Aytmoqchimizki, Buloqboshi tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yangi loyihalar nafaqat tijoriy, balki ilmiy yondashuvga ega ekanligi bilan ham diqqatga molikdir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?