Andijonda bu yil 30 ta maktab taʼmirlanadi. 13 ta ixtisoslashgan maktab faoliyati tashkil etiladi

15:56 18 Iyun 2021 Siyosat
967 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrida boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyat aholisining turmush sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Viloyatda ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda 271 ta koʻp qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar qurilmoqda. Shulardan 2 ming 710 ta xonadonga subsidiya ajratiladi.

Bu yil 460 kilometr ichimlik suvi, 1 ming 147 kilometr elektr uzatish tarmoqlari qurilishi va taʼmirlanishi qayd etildi.

Taʼlim, tibbiyot sohalarida ham xayrli ishlar koʻp. Bu yil 30 ta maktab taʼmirlanadi. Matematika, kimyo-biologiya, informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan 13 ta maktab faoliyati tashkil etiladi.

4 ta oilaviy poliklinika va 9 ta oilaviy shifokorlik punkti tashkil etish boʻyicha topshiriq berildi. Viloyatda 1 million 500 ming aholini tibbiy koʻrikdan oʻtkazish, jumladan, 300 mingdan ortiq ayollarni mammografik va ultratovush tekshiruvlaridan oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

Murakkab operatsiyalarga muhtoj, ehtiyojmand aholiga yordam berish boʻyicha viloyatda maxsus jamgʻarma tashkil etish tashabbusi bildirildi.

Yoshlar va ayollar muammolarini tizimli hal qilish, ularni kasbga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokim va sektor rahbarlari hisobot berdi. Shahar va tuman studiyalaridagi aholi bilan ochiq muloqot boʻldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?