Andijonda avtomobil va piyodalar harakatini tartibga solish loyihasi ishlab chiqildi

15:43 11 Aprel 2022 Jamiyat
326 0

Foto: Халқ сўзи

Bugungi kunda mamlakatimizda yoʻl-transport hodisalari bilan bogʻliq noxush holatlar shu qadar ortdiki, natijada ushbu muammoni hukumat doirasida hal etishga kirishildi. Prezidentimizning joriy yil 4-apreldagi “Avtomobil yoʻllarida inson xavfsizligini ishonchli taʼminlash va oʻlim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bu borada bajarilishi muhim boʻlgan vazifalar belgilab berildi. Ayni paytda hududlarda ushbu hujjat ijrosi doirasida aniq loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etila boshlandi. Maqsad esa yagona – transport harakatlarini qatʼiy tartibga solish va insonlar salomatligini asrash.

Andijon viloyatida oʻtgan yili 848 ta yoʻl-transport hodisasining 163 tasi haydovchi yoki yoʻlovchilarning oʻlimi bilan yakun topdi. Bunday holatlarning oldini olish, yoʻlda harakatlanish xavfsizligini kafolatlash yuzasidan hozirda qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

— Birinchi galda Andijon shahrida transport va piyodalar harakatini tartibga solish oldimizda turgan eng katta masaladir, — deydi viloyat IIB Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida soʻz olgan boshqarma boshligʻi oʻrinbosari Doniyorbek Turgʻunov. — Sababi, sodir etilgan hodisalarning katta qismi bevosita viloyat markaziga toʻgʻri keladi. Masalan, Andijon shahrida oʻtgan yili jami 195 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, 179 ta holatda fuqarolar turli darajadagi tan jarohati olgan, 16 ta holat oʻlim bilan yakunlangan. Bu viloyat boʻyicha sodir etilgan jami yoʻl-transport hodisalarining 21,1 foizini tashkil qiladi. Hozirda bu boʻyicha loyiha ishlab chiqilgan boʻlib, unga binoan 30 ta chorrahaga innovatsion kamera va fotoradarlar oʻrnatiladi. Oʻta yuqori tirbandliklar kuzatilayotgan 13 ta chorrahani tartibga solish maqsadida transport vositalari, piyodalar uchun qoʻshimcha yoʻllar, shuningdek, velosiped yoʻlakchalari tashkil etish belgilangan.

Aytish joiz, ushbu loyiha ishga tushirilguniga qadar viloyatda ayrim amaliy ishlarga ham kirishildi. Jumladan, germaniyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda viloyatning 100 ta manziliga radar oʻrnatish, yoʻl belgilari va chiziqlarini, ayrim yoʻnalishlarda texnik vositalarni yangilash jarayonlari boshlab yuborildi. 20 ta umumtaʼlim maktablarida yoʻl harakati xavfsizligi sinf xonalari tashkil etilgan boʻlsa, 767 ta maktabda bevosita ichki ishlar xodimlari tomonidan mavzuga doir mashgʻulotlar tashkil etildi.

Haydovchi va piyodalardan yoʻl harakati qoidalariga rioya etishlarini talab qilishdan oldin ularga qulay sharoit yaratilishi adolatdandir. Shu bois kelgusida avtomobillar turar joylarini tashkil etish, avtobuslar harakatini tartibga solish uchun maxsus yoʻlak va bekatlar tashkil etish, yoʻl sifatini maqbullashtirish ishlarini amalga oshirish ham koʻzda tutilgan.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?