“Andijon neft bazasi” MCHJdagi talon-taroj va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ortidan 10 nafar masʼul mansabdor lavozimidan ozod etildi

19:58 25 May 2021 Jamiyat
549 0

«Oʻzbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirigʻiga koʻra, moliyaviy va kompleans nazorati yoʻnalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularni kelgusida yoʻl qoʻyilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar davom etmoqda.

Navbatdagi oʻrganish, “Andijon neft bazasi” masʼuliyati cheklangan jamiyatida oʻtkazilib, natijada neft mahsulotlarining saqlanishi, isteʼmolchilarga yetkazib berilishi, debitorlik, kreditor qarzdorliklar bilan koʻplab nooʻrin xarajatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilikka rioya qilinmaslik holatlari aniqlandi. Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati maʼlum qildi.

"Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-fevraldagi 149-sonli qaroriga asosan, neft mahsulotlari toʻlov oldindan 100 foiz oʻtkazilganda yetkazib berilishi belgilangan boʻlsada, amalda belgilangan meʼyoriy hujjatlarga muntazam amal qilmaslik oqibatida “Andijon neft bazasi” MCHJda 24 mlrd 32 mln 345 ming soʻm debitor qarzdorlik yuzaga kelgan boʻlib, ushbu debitor qarzdorliklari 01.04.2021-yil holatiga muddati oʻtgan hisoblanadi.

Bundan tashqari, oʻz vaqtida undiruv choralari koʻrilmagani natijasida, “Jizzax neft bazasi” MCHJ boʻyicha 2006–2017-yillarga oid 8 mlrd 675 mln 368 ming soʻm debitorlik qarzdorligi “umidsiz qarz”ga aylanib ulgurgan.

2019–2021-yillarda Jamiyat hamda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi bilan tuzilgan “Masʼul saqlash shartnomasi”ning 4.1.-bandi “Masʼul saqlovchi” yoki xaridor “Masʼul saqlovchi” sigʻimlarida saqlanayotgan “Buyurtmachi”ga tegishli mahsulotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasi orqali «Buyurtmachi» tomonidan savdoga qoʻyilgan miqdorlar boʻyicha sotib oladi deb koʻrsatib oʻtilgan, boʻlsada Jamiyat tomonidan oʻrtadagi shartnoma majburiyatlariga rioya qilmasdan yuqoridagi korxonalarga tegishli boʻlgan jami 55 667 209,7 ming soʻmlik (OʻzRTHBning 10-12.05.2021-yildagi oʻrtacha kotirovka narxlarida 61 907 679,7 ming soʻmlik) 7700,2 tonna neft mahsulotlarini belgilangan tartibda birja savdolari orqali sotib olmasdan isteʼmolchilarga noqonuniy tarzda yuklab joʻnatilgan.

Natijada, ishlab chiqarish korxonalariga ushbu mablagʻ toʻlab berilmagan, bugungi kunda ushbu berib yuborilgan mahsulot hisobiga yuqorida qayd etilganidek muddati oʻtgan debitorlik qarzdorligi mavjud boʻlsa, qolgan mablagʻlar esa Jamiyatning ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan.

Taʼkidlash joizki, 2019–2021-yillar davomida Jamiyat va uning filiallari tomonidan birja savdolari orqali sotib olmasdan, noqonuniy tarzda isteʼmolchilarga yuklab joʻnatgan neft mahsulotlari hozirgi kundagi xarid narxlari bilan solishtirib hisoblanganda, Jamiyat va uning filiallari koʻradigan zarar miqdori jami 6 240 470,1 ming soʻmni tashkil etmoqda.

Oʻrganish davomida, “Andijon neft bazasi” MCHJ va uning filiallari tasarrufidagi 12 ta FYOTSHlar tomonidan viloyatdagi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini yetishtiruvchi isteʼmolchilarga jami 33 003,7 ming soʻmlik 5144 litr neft mahsulotlaridan kamomadi aniqlanib, qisman oʻrganish jarayonida qoplandi. Shuningdek, 5 ta FYOTSHlarda jami 6343,5 ming soʻmlik 862 litr neft mahsulotlari ortiqchaligi aniqlandi.

Mablagʻ iqtisodi, xarajatlar rejasiga amal qilish borasidagi vaziyat ham achinarli holatda. “Andijon neft bazasi” MCHJ xamda uning filiallari tomonidan 408 ta holatda jami 129 mln 749 ming soʻmlik ish haqi, moddiy yordam pullari va mukofot pullari ortiqcha hisoblanib toʻlangan. kompensatsiya toʻlovlari nooʻrin hisoblangan. Mehnat shartnomasi bekor qilingan 6 nafar sobiq xodimlar nomiga 29 mln 997 ming soʻm ish haqi yozilgan.

Ishdagi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar ortidan, “Andijon neft bazasi” masʼuliyati cheklangan jamiyati direktorining birinchi oʻrinbosari – bosh muhandis J. Qutliqov, Direktorning marketing va mahsulot sotish boʻyicha oʻrinbosari A. Qurbonov, Iqtisodiy masalalar boʻyicha direktorning oʻrinbosari B. Yorqulov, Bosh buxgalter-boʻlim boshligʻi F. Yusupov, Neft mahsulotlarini sotish, tarqatish va saqlash boʻlimi boshligʻi A. Ibragimov, Buxgalteriya boʻlimi neft mahsuloti uchyoti va boshqa mijozlar bilan ishlash boʻyicha yetakchi mutaxassisi A. Mamatqulov, “Poytugʻ” filiali boshligʻi D. Mahmudov, “Poytugʻ” filiali ish haqi buxgalteri Gʻ. Rahimov, “Poytugʻ” filiali buxgalteriya boʻlimi boshligʻi-bosh buxgalteri Q. Toʻxtasinov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.

“Andijon neft bazasi” MCHJda olib borilgan oʻrganishlar natijasida, «Oʻzbekneftgaz» AJ Moliyaviy va kompleans nazorat departamenti tomonidan aniqlangan qonunbuzilish holatlari oʻrganish hujjatlari, qonuniy chora koʻrish uchun huquqni muhofaza qilish davlat idoralariga yuborildi.

Eslatib oʻtamiz, «Oʻzbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida 2021-yilning 11-may kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ish faoliyatida yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun “Jizzax neft bazasi” direktori M. Akboʻtayev va “Andijon neft bazasi” direktori I. Boltaboyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan edi" deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?