“Andarxon” chegara bojxona maskanida 50 ga yaqin madaniy boyliklar chetga olib chiqilishiga barham berildi

11:05 13 Sentyabr 2022 Jamiyat
600 0

Foto: Xalq so‘zi

Bojxona organlari tomonidan madaniy boyliklarimizning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib chiqib ketilishining oldini olish maqsadida tizimli ravishda saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Bu boradagi profilaktik tadbirlar doirasida Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara bojxona posti xodimlari tomonidan post orqali qoʻshni davlatga chiqish maqsadida harakatlanayotgan F. M. ga tegishli qoʻl yuklari bojxona nazoratidan oʻtkazildi.

Natijada uning qoʻl yuklari orasida bojxona xodimining ogʻzaki soʻrovida maʼlum qilinmagan, yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasi bilan deklaratsiyalanmagan hamda tegishli hujjatlari boʻlmagan 22 turdagi 50 ga yaqin rangli metalldan yasalgan madaniy boyliklar borligi aniqlandi.

Madaniy meros agentligi mutaxassislari xulosasiga koʻra, ushbu tovarlarning 36 donasi badiiy qiymatga ega boʻlgan hamda 8 tasi badiiy qiymatga va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan buyumlar ekanligi maʼlum boʻldi.

Fargʻona viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati rahbari Shavkatjon Sotvoldiyevning maʼlumotiga qaraganda, Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan badiiy qiymatga hamda tarixiy ahamiyatga ega mahsulotlarni mamlakatimizdan olib chiqilishi taqiqlangan.

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan F. M.ga nisbatan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?