Amirlik davrida amaldorlar oʻzlari uchun zar bilan jilo berilgan kiyim buyurtirishga haqlari bormidi?

16:15 10 May 2022 Jamiyat
683 0

Foto: Illustrativ foto

Zardoʻzlik — hunarmandchilikning qadimiy turlaridan biri boʻlib, zar ip bilan naqsh (kashta) tikish sir-asrorlari avloddan-avlodga oʻtib kelmoqda.

1920-yilgacha Buxoroda 300 dan 350 nafargacha zardoʻz usta ishlagani tarixdan maʼlum. Buxoro zardoʻzi ashyolarining deyarli hammasi amir saroyining ehtiyoji uchun ishlatilar, faqat juda oz miqdorigina sotish uchun bozorga chiqarilar edi. Erkaklarning zar bilan tikilgan toʻn, kamzul, chakmon, chalvor, poyabzal, belbogʻ, salla, kuloh va jul faqat xonga va uning buyurtmasi yoki yaqinlari tomonidan bironta oilaviy tantana yoki bayram munosabati bilan tayyorlatilgan. Hech kim, hatto eng katta amaldorlar ham yuqorida aytib oʻtilgan kiyimlardan hech birini oʻziga buyurtirishga haqqi yoʻq edi. Ular zarbof kiyimlarni amir sovgʻa qilgandagina kiyishlari mumkin sanalardi.

Ayollar va bolalarning zardoʻzi kiyimlarini faqat badavlat xonadonlarning aʼzolarigagina kiyishi rasm boʻlgan. Bu liboslarni ular biror bir oilaviy tantana yoki bayram munosabati bilan kiyishgan. Boy xonadonlarning 8-10 yoshdan katta boʻlmagan oʻgʻil bolalariga sunnat toʻyi munosabati bilan zarbof toʻn kiydirishgan.

XIX asr oʻrtalari va XX asr boshlarida, yaʼni 1756-yildan to 1920-yilgacha Buxoroda hukmronlik qilgan mangʻitlarning oxirgi sulolasiga taalluqli zardoʻzi kiyimlar hozirgi kunda bizgacha yetib kelgan yagona yodgorlik nusxalardir.

Mangʻitlarning birinchi sulolasi vakillariga mansub zardoʻzi ashyolar juda kam uchraydi. Faqat Amir Haydar (1800 y. -1826 y.) zamonidan yagona yodgorlik sifatida zardoʻzi mahsi saqlanib qolgan, xolos. Mahsiga «1224 y.» raqami tikilgan, bu milodiy 1809-1810-yillarga toʻgʻri keladi.

Amir Nasrullodan (1827 y.- 1860 y.) anchagina zardoʻzi kiyimlar saqlanib qolgan. Buyumlarning koʻpi 1895-yildan 1911-yilgacha hukmronlik qilgan Abdulahadga mansubdir. Zero, buxorolik kashtachilarning zardoʻzlik sanʼati shu davrda gullab-yashnagan deb hisoblanadi.

Buxoro ayollari libosiga xos kultapoʻshaklar, sochga taqiladigan toʻf va jamalaklar shu mehnat mahsuli sanaladi.

Ayollar bosh kiyimlari oʻrtasida keng tarqalgani kultapoʻshak va doʻppilardir. Kultapoʻshaklarni asosan ayollar, doʻppilarni esa qizlar kiyishgan. Peshonabandlar hajmiga koʻra kichikroq boʻlib, kvadrat shaklini eslatadi. Odatda boy-badavlat oilalarning kelinlari va ayollariga tegishli peshonabandlar zardoʻzlik naqshlari bilan bezatilgan.

Muzeyimizda shu kabi zardoʻzlik mahsulotlaridan namunalar koʻrgazmaga qoʻyilgan. Ular xalqimizning azal-azaldan bu hunarga mehr qoʻygani, ijodkorligi, goʻzallikka oshno tutinganining tilsiz guvohidir.

Nargiza JUMAYEVA,

Buxoro shahridagi «Sitorai Mohi Xossa» xalq amaliy

bezak sanʼati muzeyi masʼul xodimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер