Tarix zarvaraqlariga oltin harflar bilan bitilgan voqelik

09:06 08 Aprel 2021 Jamiyat
184 0

Shavkatli Amir Temur va zamonaviy dunyo falsafasining zabardast vakili Ibn Xaldun. Biri — dunyoni titratgan shon va qudrat sohibi, ikkinchisi — ilmu irfoni bilan allomalarni hayratga solgan buyuk donishmand, Gʻarb tamadduniga mayoq yoqqan Sharqning bemisl faylasufi.

Bu ikki daho taqdirning gʻaroyib jilvasi ila roʻbaroʻ keladi. Ularning suhbati tarix zarvaraqlariga “insoniyat tarixining oltin davrini boshlab bergan voqelik” sifatida qayd qilingan.

Ibn Xaldun 52 yoshida Misrning Qohira shahriga keladi va umrining oxirigacha shu yerda umrguzaronlik qiladi. Misrda yashagan paytida mamluklar sultoni Barquq va uning katta oʻgʻli Farajning yaqin maslahatgoʻyi boʻlgan. Amir Temur 1400-yilda Shomga harbiy yurish harakatida boʻlgan paytda uni toʻxtatish uchun sulton Faraj qoʻshini bilan birga Misrdan Shomga borgan. Ibn Xaldun «At-Taʼrif» nomli avtobiografik asarida bu haqda batafsil maʼlumot bergan.

Amir Temur Sivasni qoʻlga kiritgandan soʻng mamluklar qoʻl ostidagi hududlarga yoʻl oladi. Halab, Hama va Xumusni zabt etadi. Navbatdagi yurish Shomga qaratiladi. Amir Temur qoʻshinini Shomda tor-mor qilishni rejalashtirgan sulton Faraj Ibn Xaldun boshchiligidagi bir guruh olimlarni boshlab Shomga boradi. Bu xabar Sohibqironni taraddudga soladi. Ibn Xaldun bu voqeani oʻz asarida “ikki qoʻshin bir oy mobaynida bir-birini uzoqdan kuzatish bilan cheklandi”, deya bayon qilgan. Ayni paytda Shomda kutilmagan bir voqea yuz beradi. Sulton Faraj bu hodisada Amir Temurning qoʻli borligidan shubhalana boshlaydi. Qoʻshinda sarosima boshlanadi. Ayrim qoʻmondonlar oʻz qismini olib, sulton amriga boʻysunmay Qohiraga qaytib ketadi. Misr taxti xavf ostida qolishini oʻylab, Faraj ham Qohiraga qaytishga qaror qiladi. Shu tariqa Shom Amir Temur qarshisida himoyasiz qoladi.

Shom xalqi Amir Temurdan omonlik tilash uchun Burhoniddin qozini yuboradi. Buyuk Turon amiri qozining soʻzlarini tinglab boʻlgach, undan «Ibn Xaldun Misrga sulton qoʻshini bilan birga ketdimi yoki Shomda qoldimi?» deya soʻraydi. Qozi Burhoniddin bu savoldan hayratga tushadi va olimning Shomda ekanligini aytadi. Sohibqiron donishmand Xaldun bilan koʻrishishga shoshiladi.

Ibn Xaldun «At-Taʼrif» asarida Amir Temurning taklifini tunda olganligini va shu tufayli bir oz hadiksiraganligini qayd qilgan. Lekin aytilgan paytda darvoza oldida kutib turgan Shohmalik ismli noib bilan birga Sohibqiron huzuriga yoʻl olganligini ham taʼkidlaydi.

Manbalarda qayd etilganidek, Ibn Xaldun Amir Temur bilan toʻrt marta uchrashgan. Bu uchrashuvlarning mazmunini oʻz asarida batafsil bayon qilgan.

Ibn Xaldun ilk uchrashuvni qiziqarli tasvirlaydi. Sohibqiron chodiriga yaqinlashganda olimni qoʻshni chodirga olib kirishadi va oʻsha yerda maʼlum muddat kutib oʻtiradi. Amir Temur huzuriga kirganida esa uni Magʻribi Molikiy qozi sifatida tanishtirishadi. Sohibqiron esa Xaldun tasviriga qaraganda, yonboshlab, chodir toʻrida oʻtirgan edi. Olim ichkariga kirib Amir Temurning qoʻlidan oʻpib, u koʻrsatgan joyga oʻtiradi. Muloqot tarjimon Abduljabbor bin an-Noʻmon orqali olib boriladi.

Amir Temur uning Magʻribning qayeridan va nega kelganligini soʻraydi. Olim yurtidan haj uchun chiqib Misrga dengiz orqali kelganligi, u yerda taxtga Barquqning chiqishi munosabati bilan tashkil qilingan shodiyonalarga qoʻshilib qolib ketganligi, sultonning unga nisbatan yaxshi munosabatini soʻzlab beradi. Amir Temur uning oilasi, qarindosh-urugʻi, farzandlari va ularning qayerda ekanligini soʻraydi. Keyin Shimoliy Afrika hududi, u yerdagi mamlakatlar, insonlar haqida surishtiradi. Tanja, Sabta, Marokash va Sijilmosa shaharlari haqida erinmay soʻraydi. Aytilgan gaplardan qoniqmagan Sohibqiron olimga topshiriq beradi: “Oʻsha hududlarni shunday tasvirlab yozginki, oʻqiganda oʻsha joylarni oʻz koʻzim bilan koʻrgandek boʻlayin”.

Xaldunning Amir Temur bilan ilk uchrashuvi ana shunday kechadi. Xaldun uyiga qaytib, Shimoliy Afrika hududi haqida mukammal yoʻl koʻrsatkich tayyorlashga kirishadi va bir oz vaqt oʻtib ularni ilmiy-joʻgʻrofiy risola shaklida taqdim qiladi.

Olim «At-Taʼrif»da Amir Temurning maydonga chiqishi bilan bogʻliq qiziq bir voqeani tilga olgan. Ulugʻ amir bilan 1400-yilda uchrashgan boʻlsa, roppa-rosa 40 yil oldin roʻy bergan bir voqeani eslaydi. Ibn Xaldun 1360-yilda Marokashda Qoraviyyin masjidida falakiyot ilmi bilan shugʻullanib yuradigan bir olim bilan uchrashib qoladi. Suhbatda falakiyotchi olim “Shimoli-Sharq xalqlari orasidan qudratli bir qoʻmondon chiqadi va katta davlatlarni tiz choʻktirib, dunyoning aksarini hukmi ostiga oladi”, degan edi. Xaldun bu kabi yana koʻplab rivoyatlar eshitganini va ularning hammasida Amir Temurning tarix maydoniga chiqishi bashorat qilinganini aytadi.

Ibn Xaldun oʻz taʼbiriga koʻra, qoʻrquvdan Amir Temur bilan boʻladigan ikkinchi suhbatga jiddiy tayyorgarlik koʻradi. Sohibqironning gʻazabiga mubtalo boʻlmaslik uchun aytadigan maʼlumotlarini yodlaydi. Soʻzni u bilan koʻrishishni 40 yildan beri orzu qilgani haqidagi iltifot bilan boshlaydi. Tarjimon Abduljabbor bin an-Noʻmon buning sababini soʻrab qolgach, izohlashga tushib ketadi. Ibn Xaldun Amir Temurning nega bunchalik qudratli ekanligini oʻzining mashhur ruhshunoslik nazariyasi asosida tushuntiradi.

Tarix va taqdir haqidagi ikkinchi suhbat tonggacha davom etadi. Amir Temur bu suhbatdan gʻoyat mamnun boʻladi. Olimni sovgʻa-salomlar bilan siylab, uyiga kuzatib qoʻyishlarini buyuradi. Tongda esa Shomga yurish boshlanadi va u zabt etiladi.

Ibn Xaldun Amir Temur bilan uchinchi marta koʻrishish avvalida sovgʻa-salom berishni niyat qiladi. Olimning xotira kitobida bu sovgʻalar haqida quyidagi maʼlumotlarni oʻqish mumkin edi: nihoyatda husni xat bilan yozilgan Qurʼoni karim, Shomning eng usta gilamchilari toʻqigan shoyi joynamoz, Muhammad bin Said Busiriyning «Qasidat-ul burda» nomi bilan mashhur boʻlgan 160 baytli «Kavokibud durriyya fi madhi hayril bariyya» nomli qasidaning xos nusxasidan hamda Misrning mashhur shirinliklaridan toʻrt quti olib boradi. Xaldunni xonchodirda Amir Temur oʻrnidan turib kutib oladi va unga oʻng tomonidan joy koʻrsatadi. Ibn Xaldun keltirgan sovgʻalarini birma-bir taʼriflab taqdim qiladi. Sohibqiron Qurʼoni karimni koʻrgach, oʻrnidan turadi va oʻpib, boshining ustiga qoʻyib hurmat bajo keltiradi. Qasidani olgach, asar va uning muallifi haqida savollar berib, maroq bilan tinglaydi. Joynamozni qoʻliga olib, oʻpib yoniga qoʻyadi. Qolgan shirinliklar uchun ham minnatdorlik bildirib, ahli majlisga tortiq qiladi. Shu suhbatdan soʻng olim Amir Temurning hurmati va ishonchini toʻliq qozongan edi. Buni olimning oʻzi ham taʼkidlaydi.

Sohibqiron sovgʻalarni olish jarayonida Xaldun Shomda usta xattotlar, hofizi Qurʼonlar va avliyo zotlarning koʻpligini aytadi. Buyuk amir “Ular nimani istaydi?” deb soʻraganida “Ular sizning hukmingiz ostidagi hududlarda emin-erkin, sizning haqingizga duo qilib, xalqni tarbiya qilishni istashadi. Buning uchun ularga muhrli daxlsizlik xati berishingizni soʻrashyapti”, deydi. Amir Temur olimning bu istagini bajarishga buyruq beradi. Shom olimlari, din vakillari va eʼtiborli kishilariga ana shunday daxlsizlik xati beriladi.

Sohibqiron Shomni oʻz hukmiga olgandan soʻng bu yerda koʻp qolmay, boshqa yurishlarga hozirlik koʻra boshlaydi. Shomdan chiqib ketish oldidan Amir Temur Ibn Xaldunga sovgʻa berib, xursand qilishni istaydi va buni ustalik bilan amalga oshiradi. U olimga “Xachiringizni soting”, deydi. «Men bir benavo faqir qul boʻlsam, siz shavkatli amir boʻlsangiz, xachir emas jonimiz ham sizga qurbon», deb javob beradi u. Sohibqiron olimning eʼtiroziga qaramay xachirini sotib oladi.

Amir Temur soʻnggi uchrashuvda arkoni va oʻgʻliga Ibn Xaldun kabi olimlar har qanday davlatning ustunlari ekanligi, ularning suhbatidan bahramand boʻlib turish zarurligi va bunday insonlarni asrash kerakligini taʼkidlaydi. Ibn Xaldun Amir Temurning olim va elning old kishilariga koʻrsatadigan ehtiromi haqida eshitgan edi, ammo bu uning hayot falsafasi ekanligini oʻz boshidan oʻtkazganidan keyingina tushunib yetdi. Amir Temur unga yonida qolib qozikalonlik qilishini taklif etadi, biroq olim Sohibqironning oʻziga va arab xalqiga koʻrsatgan joʻmardligi uchun minnatdorlik bildirib, yurtiga qaytishga ijozat soʻraydi.

Shunday qilib, Ibn Xaldun Shom bilan vidolashib, Misrga yoʻl oladi. Misr arkoni va yaqinlari uni allaqachon oʻldiga chiqarib boʻlishgan edi. Uning shaharga kirib kelishi hammani hayratga soladi.

Shom taslim boʻlgach, mamluklar sultoni Amir Temur bilan sulh tuzish uchun elchi yuboradi. Faqat elchi talotumlardan qoʻrqib, Shomga kech yetib boradi va Xaldundan keyin Misrga qaytadi. Shu bois misrliklar Ibn Xaldunning taqdiri haqida hech qanday maʼlumotga ega emas edilar. Elchi Misrga qaytib, Amir Temur berib yuborgan katta miqdordagi mablagʻni sultonga koʻrsatadi va bu Ibn Xaldun xachirining puli ekanligini, omonatni oʻz egasiga benuqson yetkazishni taʼkidlaganini aytadi. Sulton “Dunyoni soʻragan jahongir sizdek olim oldida qarzdor boʻlishni istamabdi”, deya oltinlarni Ibn Xaldunga taqdim qiladi.

Ibn Xaldunning Amir Temur bilan uchrashuvi va suhbati, shubhasiz, Sharq islom tarixining eng diqqatga sazovor voqeasidir. Uning Sohibqiron haqidagi obyektiv fikrlari haqida tarixchilar “oradagi samimiyat tufayli” deb yozadilar.

Donishmand olim bilan dunyoni zabt etgan Sohibqiron oʻrtasidagi suhbat va yaqinlik arab dunyosi uchun favqulodda katta muvaffaqiyat edi. Ibn Xaldun Amir Temur bilan uchrashishi natijasida Misrga beqiyos shartnomalar bilan qaytadi. Tarix zarvaraqlariga yozilgan bu suhbatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ochib berish tadqiqotchilarni kutib turibdi. Har bir davrning buyuklardan oʻrganadigan hikmatlari boʻladi. Hukmdor va olimning suhbatlari ham ana shunday barhayot mavzular sirasiga kiradi.

Sayyora TOʻYCHIYEVA,
Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professori, falsafa fanlari doktori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?