Amir Temur soliqlar xalqning ustiga yuk boʻlmasligi uchun nima qilgan?

12:54 27 Noyabr 2020 Siyosat
520 0

Sohibqiron bobomiz Amir Temur oʻz tuzuklarida shunday yozadi: “Amr etdimki, raiyatdan mol-xiroj yigʻishda ularni ogʻir ahvolga solib qoʻyishdan yoki mamlakatni qashshoqlikka tushirib qoʻyishdan saqlanish kerak. Negaki, raiyatni xonavayron qilish (davlat) xazinasining kambagʻallashishiga olib keladi. Xazinaning kamayib qolishi esa sipohning tarqalib ketishiga sabab boʻladi”.

Eʼtibor bering, ushbu fikrlarda soliq toʻlovchi xalq va soliq yigʻuvchi davlat oʻrtasidagi iqtisodiy munosabatlar oʻta nozik ekanligi, soliqning miqdori moʻtadil boʻlishi zarurligi, bu qoidaga rioya qilmaslik oʻta yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligi aniq va ravshan ifodalanmoqda.

Binobarin, Amir Temurgacha boʻlgan davrda soliq yigʻuvchilarning ish haqi soliq toʻlovchilar hisobidan boʻlgan. Ular qonunda koʻzda tutilmagan soliqlarni undirishga ham harakat qilar edilar. Sohibqiron bobomiz esa soliq undiruvchilarga xalqning ustiga yuk boʻlmasligi uchun ularga maosh tayinlagan. Eng muhimi, oʻz qamrovidagi davlatlarda adolatli va mukammal soliq tizimini yaratgan. Bunga tarix guvoh.

Buyuk Temur qishloq xoʻjaligida soliqni ekindan olingan hosilga va yerning unumdorligiga qarab belgilashni joriy qilgan. Hali daromad manbai boʻlmasdan soliq olish mumkin emasligini qattiq man etgan. Aslida ham hosil pishdi degani dehqonning choʻntagiga darhol pul tushishini bildirmaydi-ku?! Avval hosilni yigʻish, tozalash, saralash va bozorga olib chiqib sotish kerak-ku! Shu jihatdan, uning soliq siyosatini tashkil etish boʻyicha bildirgan gʻoyalari bugun ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan.

Hammamizga yaxshi maʼlum, soliqlar aslida davlatning mustahkam byudjetini shakllantirishga qaratilgan tushumlar manbai boʻlib, hududlarni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirishga qayta yoʻnaltiriladi. Har bir fuqaro oʻzi tasarruf etgan mulki yoki daromadining belgilangan ulushini mamlakat rivoji uchun ajratishi bu iqtisodiy jarayonning barqarorligini taʼminlaydi.

Bugungi kunda soliqlar va yigʻimlarni belgilash, joriy etish, hisoblab chiqarish va boshqa shu kabi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi bilan tartibga solinadi. Yurtimizda soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yaratilayotgan barcha imkoniyatlar zamirida avvalo, tadbirkor boy boʻlsa davlat ham boy, aholi turmushi farovon boʻladi, degan yagona gʻoya mujassam ekani kundek ayon.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida moddama-modda koʻrib chiqilgan “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham bejiz qizgʻin tortishuvlarga sabab boʻlgani yoʻq. Chunki mazkur hujjatning qabul qilinishi natijasida amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlar yuzaga kelishining oldi olinib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-xuquqiy hujjatlar tizimlashtiriladi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 15-iyuldagi tegishli farmoniga muvofiq, ishlab chiqilgan qonun loyihasining asosiy maqsadi – yer resurslaridan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Demak, qonun loyihasi ham toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan hujjatga aylanishi lozim.

Xoʻsh, qonun loyihasiga kiritilgan asosiy oʻzgarishlar nimalardan iborat? Yangi tahrirdagi Soliq kodeksida qanday yangiliklar aks etmoqda?

Avvalo, mazkur hujjat bilan yer soligʻi boʻyicha berilgan imtiyozlar, yer uchastkalari egallagan qismi boʻyicha, sogʻlomlashtirish va dam olish joylari, dam olish uylari, aholining ommaviy dam olishi va turizmni tashkil etish uchun belgilangan joylar, agar ular tadbirkorlik faoliyati uchun ajratilgan boʻlsa va turistik zonalarda joylashgan boʻlsa, sanatoriy-kurort xizmati uchun foydalanishga berilgan, turistik zonada joylashgan koʻchmas mulk obyektlariga mol-mulk soligʻi boʻyicha berilgan imtiyozlar bekor qilinyapti.

Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari viloyatlar Kengashlariga turistik zonalarda alohida sanatoriy-kurort obyektlari egallagan yerlar uchun mol-mulk soligʻi va yer soligʻining kamaytirilgan stavkalarini qoʻllash yoki ushbu soliqlarni toʻlashdan ozod qilish vakolati berilmoqda.

Yana bir muhim yangilik – loyihaga Prezidentimizning 2020-yil 1-maydagi tegishli qarorining 8-bandiga asosan baliqlarni yetishtirish (oʻstirish) uchun sunʼiy suv havzalariga nisbatan qonun hujjatlarida oshirilgan soliq stavkalarini belgilash yoʻli bilan taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin hamda soliq imtiyozlari ularga nisbatan tatbiq etilmasligi toʻgʻrisidagi norma kiritilmoqda.

Bir soʻz bilan aytganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksini mukammal va iqtisodiy farovonlikka xizmat qiluvchi qonun sifatida shakllanishiga erishish dolzarb vazifa hisoblanadi. Qonun loyihasining har taraflama pishiq-puxta holga keltirilib, bobma-bob, moddama-modda koʻrib chiqilgan holda qabul qilingani zamirida albatta, ulkan maqsadlar mujassam.

Botirbek TOʻRAZODA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?