Amerika Qoʻshma Shtatlarida Oʻzbek tili bayrami kuni keng nishonlandi

23:47 23 Oktyabr 2022 Jamiyat
502 0

Foto: Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi Ogayo shtati universiteti bilan hamkorlikda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilinganligining 33 yilligini nishonlash maqsadida bayram tadbirini oʻtkazdi.

Videokonferensiya tarzida tashkil etilgan ushbu tadbirda Ogayo shtati universiteti tarix fakulteti dekani Skott Levi, oʻzbek tili oʻqituvchisi Kamola Azimova, Slavyan va Sharqiy Yevropa tadqiqotlari markazi direktori Anjela Brintlinger, Toshkent davlat jahon tillari universiteti tilshunoslik va adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti Margarita Galiyeva, shuningdek bir qator tadqiqotchi olimlar, doktorantlar va Ogayo universiteti talabalari qatnashishdi.

Tadbir ochilishi marosimida Oʻzbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov ishtirokchilarni mamlakatimizda oʻzbek tili va madaniyatini targʻib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar hamda “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi tarixi bilan atroflicha tanishtirdi.

Taʼkidlanganidek, oʻzbek tilining oʻrni va obroʻsini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar izchil amalga oshirilayotgani tufayli davlat tili nafaqat mamlakatimizda, balki jahon miqyosida oʻzining munosib oʻrni va mavqeiga ega boʻlib bormoqda. Xususan, soʻnggi yillarda amerikalik talabalar orasida oʻzbek tilini oʻrganishga qiziqish kuchaygani aynan shuning isbotidir.

Tadbir doirasida Toshkent davlat jahon tillari universiteti Tilshunoslik va adabiyotshunoslik kafedrasi dotsenti M.Galiyeva oʻzbek tili Markaziy Osiyoda eng ommabop ekani, turkiy tillar orasida ikkinchi eng keng tarqalgan til boʻlib qolayotganini taʼkidladi. Qolaversa, 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgan Oʻzbekistonda davlat tili birlashtiruvchi omil boʻlib xizmat qiladi, dedi u. Hatto oʻzbek tili ikkinchi til boʻlganlar millatlar ham davlat tilidan oʻzlashtirib undan keng foydalanishadi deb taʼkidladi olima.

Mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasining maʼlumotiga koʻra, oʻz navbatida Ogayo shtati universiteti talabalari va akademik hamjamiyati vakillari zamonaviy oʻzbek adabiyoti rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan jadidlarning hayoti va ijodi, mamlakatimiz madaniyati va tarixi, Oʻzbekistonning diqqatga sazovor joylari, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, hamda yurtimizga qilgan tashriflaridan olgan taassurotlariga bagʻishlangan taqdimotlarni oʻzbek tilida taqdim qilishdi.

Xususan, ishtirokchilar adib va davlat arbobi Abdurauf Fitratning «Oʻgʻut» sheʼrini oʻqib berdilar. A.Fitrat ijodi haqiqatan ham serqirra ekanligi taʼkidlandi. Qariyb yigirma besh yil davomida u oʻzbek tilini zamonaviylashtirish, uni ommalashtirishga katta xizmat qoʻshdi, ilm-fanning turli sohalarida faollik koʻrsatdi. Chunonchi, oʻqituvchi sifatida– oʻzbek tilidan darslik, “Eski maktablar bilan nima qilish kerak?” nomli maqola yozdi. “Shuningdek, u madaniyat, iqtisod, siyosat, din va boshqa sohalarda ajoyib ilmiy izlanishlar muallifidir”, deb taʼkidlashdi Ogayo universiteti talabalari.

Shuningdek, ishtirokchilar ingliz tilida oʻxshashi boʻlmagan, Oʻzbekiston madaniyati va anʼanalarini aks ettiruvchi bir qator oʻzbek soʻzlarining etimologiyasini muhokama qildilar.

Tadbir yakunida ishtirokchilar oʻzbek tili va madaniyati bilan yanada yaqindan tanishish, shuningdek, yangi unutilmas taassurotlarga ega boʻlish uchun Oʻzbekistonga yangi safarlarini intizorlik bilan kutayotganliklarini qayd etishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер