Alkogol va tamaki mahsulotlarining yashirin aylanmasini qisqartirish boʻyicha tizimli choralar koʻrilmoqda

12:41 25 Sentyabr 2024 Jamiyat
180 0

Bosh prokuratura huzuridagi Departament qoshidagi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish inspeksiyasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan alkogol va tamaki mahsulotlarining noqonuniy muomalasini oldini olish va chek qoʻyishga qaratilgan qatʼiy choralar koʻrilmoqda.

Xususan, profilaktik chora-tadbirlar doirasida

— 14 ta spirt va alkogol mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning manziliga borgan holda ishlab chiqarish jarayonlari oʻrganildi;

— quyish va qadoqlash uskunalarida hisoblagich mavjud boʻlmagan korxonalarda hisobga olish vositalarining toʻliq oʻrnatilishi taʼminlandi;

— spirtni noqonuniy ishlab chiqarishga oʻtkazish maqsadida xarid qiluvchi shaxslarning spirt xarid qilish imkoniyatlari qonun doirasida cheklandi.

Bundan tashqari, tezkor-qidiruv imkoniyatlari orqali joriy yilning oʻtgan davrida 498,1 ming dona alkogol va 1,6 mln quti tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosining oldi olindi.

Xususan, alkogol mahsulotlarini realizatsiya qiluvchi 563 ta holatda oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida jami 498,1 ming dona alkogol mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.

Jumladan:

— 159,5 ming dona qalbaki aksiz markali;

— 102 ming dona eski namunadagi aksiz markali;

— kontrafakt mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan 192,1 ming dona yorliqlar;

— 185 nafar fuqaro tomonidan 79,4 ming dona tegishli hujjatlarsiz alkogol mahsulotlari sotilayotganligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.

Tamaki mahsulotlarini muomalaga kiritish borasida oʻtkazilgan 641 ta holatda jami 1 mln 662 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyildi.

Mazkur holatlar boʻyicha jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, javobgarlikning muqarrarligini taʼminlash choralari koʻrilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish yoki ishlab chiqarish maʼmuriy va jinoiy javobgarlikni keltirib chiqaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?