Alkogol mahsulotlari reklamasi taʼqiqlanmoqda

12:55 04 May 2021 Jamiyat
268 0

Quyi palatada boʻlib oʻtayotgan majlisda deputatlar “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda konseptual jihatdan koʻrib chiqmoqdalar.

Qayd etilganidek, Amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni 1998-yilda qabul qilingan boʻlib, undagi moddalar umumiy tusga ega boʻlgan, hozirgi barcha realliklarni qamrab olmagan.

Reklama bilan bogʻliq munosabatlarda keyingi yillarda koʻplab yangi shartnoma-huquqiy munosabatlar tarkib topdi. Shuningdek, reklama sohasiga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarining keng joriy etilishi, mazkur sohani yangi bosqichga olib chiqishga turtki boʻlmoqda. Shunday sharoitda mavjud qonunchilik hujjatlarini zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqish zarurati paydo boʻlmoqda.

Yuqoridagi muammolarni bartaraf etish, sohani yangi bosqichga olib chiqish maqsadida “Reklama toʻgʻrisida”gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Reklama bozori ishtirokchilariga keng imkoniyatlar yaratish borasida muayyan munosabatlarni tartibga soluvchi, cheklovchi normalar ham kiritilmoqda.

Taʼkidlanganidek, “Reklama toʻgʻrisida”gi yangi qonun qonun loyihasi bilan mobil aloqa tarmogʻi orqali reklama tarqatilishiga faqat isteʼmolchining roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi, dori vositasini taniqli shaxs, tibbiyot xodimi yoki tashqi koʻrinishi shifokorning tashqi qiyofasiga oʻxshash shaxs ishtirokida reklama qilish, shuningdek, alkogol mahsulotlari reklamasi taʼqiqlanmoqda. Tarkibida shakar, tuz va yogʻ miqdori yuqori boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlarini reklama qilishni ham taqiqlash koʻzda tutilyapti.

Majlisda deputatlar qonun loyihasini takomillashtirishda Internet va tashqi reklama faoliyatini tartibga solinishga alohida eʼtibor qaratdilar. Qayd etilishicha, bugungi kunda anʼanaviy, televideniye va radio kanallar orqali uzatilayotgan reklamalardan farqli ravishda, Internet reklama, tashqi raqamli reklama va bir qancha boshqa reklama turlari paydo boʻldi. Ular ichida eng tez tarqalayotgan hamda tartibga solish jihatidan eng murakkabi — Internet reklamasi hisoblanadi.

Deputatlar tomonidan Internet reklamani tartibga solish uchun qonunchilikka Internet reklama tushunchasini kiritish, milliy qonunchilikning tatbiq etiladigan hududini aniqlash, Oʻzbekistonda Internet reklamani joylashtirishni tartibga solish mexanizmini aniqlab olish takliflari kiritildi.

Shuningdek, deputatlar “Reklama toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi qabul qilinishi munosabati bilan paydo boʻlishi kutilayotgan qonunosti hujjatlarda, xususan reklamaning joyi, hajmi, tashqi reklama konstruksiyalariga boʻlgan talablar belgilanadigan nizom va yoʻriqnomalar albatta soha mutaxassislari, ekspertlik xulosalari asosida ishlab chiqilishi shartligi toʻgʻrisidagi taklifni ilgari surdilar.

Majlisda qonun loyihasi birinchi oʻqishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?