Alisher Saʼdullayev: Yoshlar uchinchi renessans drayverlari boʻla oladimi?

23:05 01 Sentyabr 2020 Jamiyat
644 0

RENESSANS. Bu soʻzni ilgari ham eshitganman, oʻqiganman. Uni fanda ilk bor italyan gumanistlari qoʻllaganini ham bilaman. Lekin kecha bu soʻzni Oʻzbekiston Prezidenti lafzidan eshitib, uning shukuhini, quvvatini oʻzgacha hayrat, oʻzgacha masʼuliyat bilan idrokladim. Davlatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan strategik saʼy-harakatlar kun kelib Uchinchi Renessansga poydevor boʻlishini joʻshqin maʼruzadan shuurimga oqib kirayotgan motivatsiyaning katta toʻlqinida angladim. Axir, mudroq jamiyatni, odamlarni uygʻotishning oʻzi UYGʻONISHning – RENESSANSning debochasi emasmi! Bugungi Oʻzbekiston – kechagi Oʻzbekiston emasligi, bugungi yoshlar – kechagi yoshlar emasligini isbotlashga hojat qolmaganining oʻziyoq zalvorli natija emasmi!

Eʼtibor qiling: Prezident biz haqimizda – yoshlar haqida alohida eʼtibor va qatʼiy ishonch bilan gapirdi. Taʼlim, dedi, matematika, kimyo, biologiya – fundamental fanlarni zoʻr oʻqitaylik, dedi, innovatsiyalarga yoʻl ochaylik, dedi. Yoshlarning maʼrifati, maʼnaviyati bosh masalamiz, strategik vazifamiz, ustuvor yoʻnalishimiz, dedi. Deganlarining amaldagi isbotini koʻring: soʻnggi toʻrt yilda Oʻzbekistonda 43 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etildi. Bu yil esa oliy oʻquv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yigit-qizlar hujjat topshirdi. Bu degani yoshlarimizning taʼlim olishga motivatsiyasi naq 40 foizga oshdi, degani! Shu oʻquv yilidan yana bir yangi tizim joriy etildi: kam taʼminlangan oilalarda ulgʻayayotgan qizlarimizning bilim olish imkoniyatini kengaytirish maqsadida OTMda ular uchun davlat granti asosida 940 ta qoʻshimcha oʻrin ajratildi. Mana sizga isteʼdodlarning intilishlarini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib oʻrin egallashlari uchun yaratilgan imkoniyatlar!

Oʻqituvchilar oyligini $1000 miqdorigacha oshirish, ularning ijtimoiy mavqeini yuksaltirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtdi Prezidentimiz. Haqiqatan ham, uzoqni koʻzlagan har qanday rejaning asosini sifatli taʼlim tashkil etadi. Koʻhna Xitoy mutafakkiri Konfutsiy: “Agar rejangiz bir yillik boʻlsa, sholi eking, oʻn yillik boʻlsa, daraxt eking, yuz yillik boʻlsa – bolalaringizga taʼlim bering”, deya bejiz taʼkidlamagan. Kelajakda kutilgan “hosil”ni yigʻish uchun Oʻzbekistonimizda hozirdan keng imkoniyatlar yaratilyapti, yoshlarni ilmu maʼrifatga ragʻbatlantirish, ilm egalarini qadrlashga qaratilgan tizim shakllantirilyapti.

Oʻz navbatida, yoshlar ham shaxsiy rivojlanishi uchun motivatsiya manbalarini oʻzi topa bilishi kerak – u xoh kitob, xoh kinoasar, xoh sport yoki sayohat boʻlsin. Imkoniyat yaratilsa oʻqiyman, deydigan emas, har qanday vaziyatda ham bilim olish va rivojlanishga harakat qilaman deydigan yigit-qizlarimiz safi kengayishi uchun hammamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak.

Biz yashab turgan shu muqaddas zaminda Uygʻonish – Renessans boshlangan paytlar Yevropa hali gʻaflat uyqusida boʻlganini koʻpchilik yoshlar bilmasa kerak. Bu tarixiy haqiqatni Yevropaning yetuk olimlari tan olganini ham bilmaydiganlar bordir balki. Har qalay, atoqli nemis sharqshunosi Adam Mesning “Musulmon Renessansi”, akademik Nikolay Konradning “Sharq Renessansi” konsepsiyasi osmondan tushgan emas. Agar “Die Renaissance des Islams” kitobini ushbu mavzudagi bosh manba deb hisoblaydigan boʻlsak, Adam Mesdek buyuk olim fundamental tadqiqotini yaratishda ulugʻ vatandoshimiz Beruniyning ilmiy merosiga tayanganidan faxrlanmay boʻladimi!

Mashhur Maʼmun akademiyasida kamolga yetgan Ibn Sino, Muso al Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy kabi yuzlab allomalar Sharq uygʻonish davrining birinchi bosqichiga, Temuriylar davri tamaddunining yorqin vakillari — Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi olimlar ikkinchi yuksalish bosqichiga hissa qoʻshgani qiyos qilinsa, Uchinchi Renessans vakillari bugungi islohotlarning mevalaridan bahra olgan Yangi Oʻzbekiston bolalari orasidan yetishib chiqsa, ne ajab!

Mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!

Alisher Saʼdullayev,
Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?