Alisher Qodirov Taʼlim va tarbiya vazirligi tashkil etish taklifini bildirdi

18:04 12 Yanvar 2022 Jamiyat
482 0

Oʻzbekistonda yuqori faollik bilan taraqqiyot strategiyasi muhokama qilinmoqda. Bu faollik - jamiyatimizning davlat taqdiriga masʼuliyati, xalqimizning siyosiy va huquqiy tafakkuri oshib borayotganiga yaqqol dalildir. “Milliy tiklanish” DP fraksiya majlisida ilgari surilgan va joriy yilning 11-yanvar kuni rejalashtirilayotgan partiya faollarining kengaytirilgan muhokamasida ilgari suriladigan tashabbuslardan birini alohida yozishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman.

Tarbiya - poydevor! Tarbiya koʻrmagan olim - zararli, askar - sotqin, mansabdor - korrupsioner boʻlishi, tarbiyali choʻpon olimdek foydali, harbiy - vatanparvar, mansabdor esa xalqparvar boʻlishini insoniyat tarixi takror-takror isbot qilmoqda.

Yana bir haqiqat shuki, oʻz qadrini anglamagan insonni qadrlash nafaqat shu insonning oʻzi, balki jamiyat uchun foydadan koʻra zararliroqdir.

Oʻzini anglash va qadrlash esa bolalikdan, tizimli ravishda ongostiga joylashtirilishi zarur boʻlgan muhim koʻnikmadir.

Inson barcha yaxshiliklar va yomonliklarning muallifi ekan, yaxshi insonning koʻp boʻlishi jamiyatda adolatni va mamlakatda taraqqiyotni kafolatlaydi.

Shu sababli, mamlakatni oʻrta va uzoq istiqboldagi ravnaqi uchun pedagogika sohasini isloh qilishga ustuvorlik berilishi kerak. Bunda:

1) Oiladagi muhit ilmiy tahlil qilinishi va kamchiliklar bartaraf etilishi zarur. Birlamchi taklif sifatida, 18 yoshgacha farzandi bor ayollarga alohida koʻmak koʻzda tutilishi muhim. Bu koʻmak moddiy qoʻllab-quvvatlash bilan bir qatorda, ota-onalarni farzand tarbiya qilish boʻyicha malakasini oshirishga qaratilgan manzilli va masofaviy oʻquv-maslahat tizimlarini yaratish, mehnat huquqlarida alohida imtiyozlar berish hisobiga amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun masʼuliyati va javobgarligi kuchaytiriladi va qonunda aniq belgilab qoʻyiladi.

2) Bolalar bogʻchalarida tarbiya metodikasi belgilanishi kerak. Bu metodika Parlamentda himoya qilinsin. Metodika milliy va umuminsoniy qadriyatlarni bolaning ongostiga joylashtirishni taʼminlashi kerak.

3) Maktablarda oʻquvchi bilimi va pedagog faoliyati yangi tizimi - video kuzatuv asosida baholanishi zarur.

7-sinfdan boshlab pedagogik kengashning xulosalari va yakuniy jamlangan baholarga muvofiq oʻquvchilar uchta toifada: akademik, tadbirkorlik, hunarmandlik koʻnikmalarini raqobatbardosh darajaga olib chiqish uchun, maxsus dasturlar asosida tayyorlanishi lozim.

Maktabni tugatgan yoshlarga tadbirkor yoki hunarmandlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun bir martalik subsidiya kafolatlanishi kerak.

4) Tarbiya va taʼlim sifatini nazorat qilish Inspeksiyasi Parlament huzurida va Parlamentga bevosita hisobdor boʻlishi kerak.

5) Pedagogika institutlariga tanlov maxsus tizim asosida, faqat pedagogik qobiliyati boʻlganlarnigina saralab olishga qaratilishi lozim. Harbiy sohada boʻlganidek, bu sohada ham xato tanlov milliy xavfsizlikka tahdid sifatida koʻrilishi kerak.

Pedagoglarni tayyorlashda davlat asosiy buyurtmachi boʻlishi, buyurtmachi sifatida kelishilgan talim muassasasida, oʻz sohasida 5 yil ishlash majburiyatini yuklashi va bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash vazifasini zimmasiga olishi zarur.

Pedagogik faoliyat uchun har 3 yilda malaka sinovidan oʻtishi majburiy qilib belgilanishi kerak.

6) Tarbiya va taʼlim vazirligi tashkil etilib, vazirning uchta: oila va xotin-qizlar masalalariga masʼul, bogʻchada tarbiya va boshlangʻich taʼlimni tashkil etishga masʼul, maktabda taʼlim va tarbiyani tashkil qilishga masʻul oʻrinbosarlari boʻlishi taklif qilinadi.

Bu vazirlik har bir bolani oiladan boshlab maktabdan chiqib ketgunicha (tugʻilganidan 18 yoshgacha) boʻlgan davrda tarbiyasi va taʼlim sifati uchun masʼul boʻladi. Vazirlikka ota-onalar bilan yaqindan ishlash, ularni malakasini oshirish bilan birga, masʼuliyatsizlik uchun javobgarlikka tortishni tashabbus qilish vakolatlari ham berilishi kerak.

Insonning ertaga qanday boʻlishi, uning bugun koʻrgan tarbiyasiga bogʻliq.

INSON OʻZGARSA - JAMIYAT OʻZGARADI.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?