“Alisher Navoiy va XXI asr” uluslararo konferensiyasi boʻlib oʻtdi

11:24 09 Fevral 2024 Jamiyat
52 0

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan har yili “Alisher Navoiy va XXI asr” mavzusida uluslararo konferensiyasi oʻtkazib kelinmoqda. Dastlabki yetti konferensiya Toshkentda, Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAUda oʻtkazildi. Shu davr mobaynida Alisher Navoiyning hayoti va ijodi toʻgʻrisida yuzlab tadqiqotlar eʼlon qilindi, dunyoning turli davlatlaridan koʻplab olimlar Navoiy yurtida jam boʻldilar.

2023-yildan eʼtiboran mazkur konferensiya Oʻzbekistondan tashqarida oʻtkazila boshlandi. Chunki turli davlatlarda oʻzbek adabiyoti, xususan, Navoiy ijodi bilan bogʻliq tadqiqotlar olib borayotgan olimlarning soni juda koʻp. Toshkentdagi konferensiyaga kelish istagida boʻlgan, ammo maʼlum sabablar bilan qatnasha olmaganlar ham ancha. Shu bois 2023-yil “Alisher Navoiy va XXI asr” 8-uluslararo konferensiyaga Ozarbayjon mezbonlik qildi. Unda koʻplab mahalliy turkologlar qatnashdi, yangi nomlar kashf etildi, Oʻzbekiston va Ozarbayjonning yosh olimlari oʻzari tanishdi hamda ularning xalqaro miqyosda hamkorlik ishlariga bu konferensiya turtki berdi. Ilk tajriba ijobiy samara bergach, 2024-yilda ushbu nufuzli anjuman Turkiyaning qadimiy Bursa shahridagi Uludagʻ universitetida oʻtkazilishi belgilandi.

2024-yilning 8-fevral kuni Bursa Uludagʻ universitetida “Alisher Navoiy va XXI asr” 9-uluslararo konferensiya boʻlib oʻtdi. Konferensiya avvalida Turkiyaning Bursa Uludagʻ universitetida Alisher Navoiy nomidagi oʻzbek tili va madaniyati markazining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Konferensiyada TURKSOY vakillari, Alisher Navoiy nomidagi ToshDOʻTAU rektori, akademik Sh.Sirojiddinov, Bursa Uludagʻ universiteti rektori F.Yilmaz, Oʻzbekistonning Turkiyadagi elchixonasi, Turkiya hukumati vakillari, B.Peri (Vengriya), F.Rahimi (Eron), B.Bayram (Qozogʻiston), V. Turk (Turkiya), N. Shodmonov (Oʻzbekiston) singari atoqli olimlar ishtirok etishdi.

Konferensiya yalpi majlisi mobaynida Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning rivojiga qoʻshgan hissasi, oʻzbek va turk xalqlari madaniyatlarini yaqinlashtirishdagi ibratli xizmatlarini eʼtirof etib Gunay Qut, Sema Barutju Oʻzonder, Hadicha Toren, Ayshehan Deniz, Zuhal Oʻlmez, Fonda Tuprak, Tanju Seyhan, Oʻnal Kaya, Oʻsman Masten, Benedik Peri, Bulent Bayram, Fatma Achik singari bir guruh xorijlik olimlarga ToshDOʻTAUning “Alisher Navoiy” medali topshirildi. Ahmet Akalin, Jelile Eren Oʻkten, Jem Kurshad Hasanogʻlu, Feridun Yilmaz singari olimlarga esa Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining “faxriy doʻsti” diplomlari berildi.

Anjumanda Alisher Navoiy adabiy merosining jahon tamaddunida tutgan oʻrni, shoir asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi, Alisher Navoiy adabiy merosi va matnshunoslik masalalari, taʼlim tizimida Navoiy asarlarini oʻqitish muammolari kabi qator yoʻnalishlarda maʼruzalar tinglandi.

Anjuman ishtirokchilari oʻzbek-turk navoiyshunoslarining hamkorligi yanada mustahkam boʻlishi va Navoiy ijodi targʻiboti boʻyicha birgalikda xizmat qilishga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?