Aliment toʻlashga imkoningiz bormi, oshna?

12:16 26 Oktyabr 2021 Jamiyat
365 0

Foto: Халқ сўзи

Biz odatda ajrashgan oilalarda otalarning farzandlari uchun oʻz vaqtida aliment toʻlamasligini tanqid qilamiz-u, biroq ular orasida azbaroyi chorasizlik iskanjasida boshi xam boʻlganlar ham borligini yoddan chiqaramiz.

– Shaxsan men bolalarim uchun aliment toʻlashdan qochmayman, - deydi Andijon tumanida yashovchi X. Q. – Biroq doimiy ish joyim, daromadim yoʻqligi uchun har oy buning uddasidan chiqolmayapman. Mavsumiy ishlab, pul topgan paytlarim nafaqat aliment toʻlayman, balki bolalarimning holidan xabar olib, nima zarurati boʻlsa, yetkazaman. Afsuski, har doim ham bunday qilishning iloji yoʻq-da...

Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi qoʻl urgan xayrli ish mana shunday chorasiz otalarning koʻngliga umid chirogʻini yoqdi, desak yanglishmaymiz.

Boshqarma tomonidan muqim ish joyiga ega boʻlmagan aliment toʻlovchi otalar uchun mehnat yaramarkasi tashkil etildi. Andijon tumanida boʻlib oʻtgan tadbirga 30 nafar qarzdor va ishsiz otalar taklif qilindi.

– Bir farzandim bor, ajrashganman, - deydi tadbir ishtirokchisi M. S. – Ikki yillik aliment pulini toʻlay olmaganim uchun ota-onam boquvimizdagi sigirni sotib bergandi. Bugun yarmarkada oʻzimga munosib ish topganimdan xursandman. Endi har oyda bolalarimning moddiy taʼminotini yoʻlga qoʻyish imkoniga egaman.

Tan olish kerak, ushbu mehnat yarmarkasi barcha otalar uchun foydali boʻldi, deya olmaymiz. Boisi shu kuni ularning 9 nafari bilan mehnat shartnomasi imzolangan boʻlsa, yana 3 nafari ishga joylashtirish yoʻllanmasiga ega boʻldi. 20 nafarga yaqin aliment toʻlovchilar esa tuman aholi bandligiga koʻmaklashish boʻlimi tomonidan ishsizlar roʻyxatiga kiritildi. Tez kunlarda ularni ham oʻz layoqatiga koʻra ish bilan taʼminlash choralari koʻrilishi aytildi.

Eng muhimi, aliment toʻlash bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqarayotgan sabablar bilan kurashish sari qadam qoʻyilmoqda. Bu sabablarga oqilona yechim topilsa, avvalo, toʻliq boʻlmagan oilalarda mungʻayib oʻsayotgan bolalarning murgʻak qalblari yorishadi, hechqursa ota gʻamxoʻrligini his qilib ulgʻayadi.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?